Jyeyn (ism o‘zgartirilgan) - Xitoy fuqarosi, lekin Buyuk Britaniyada yashaydi va ishlaydi. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xalqaro favqulodda holatni e'lon qilishidan oldinroq Xitoy yangi yili munosabati bilan uyiga borgandi. 

Bu vaziyatda u og‘ir ruhiy ziddiyat qarshisida qoldi: keksa ota-onasini shunday daqiqalarda tashlab keta oladimi va umuman olganda ko‘pgina parvozlar bekor qilingan bu vaqtda Xitoydan chiqishning ilojisi bormi o‘zi?

Quyida uning o‘zi vaziyat haqida hikoya qiladi va his-tuyg‘ularini tasvirlaydi. 

Virus yoyilmoqda

Avvaliga Xitoydagi uyimda bo‘lish juda yoqimli edi. Hamma narsa odatiy ko‘rinardi, supermarketlar oy taqvimi bo‘yicha Yangi yilni nishonlash uchun xaridlar qilishga shoshilayotgan odamlar bilan gavjum edi. Hech kim niqob kiymasdi. 

Ota-onam bilan tuxumli chuchvara, nilufar ildizidan kotlet, ziravorli go‘sht va odatda Yangi yil arafasida iste'mol qilinadigan boshqa mazali taomlarimizni tayyorlardik. 

Ammo virus tarqala boshlaydi, odamlar xavotirga tushadi. 

Koronavirus simptomlari - yuqori harorat, keyin quruq yo‘tal boshlanadi

Men o‘tgan yili Pekinda farzandli bo‘lgan do‘stimning ahvolini bilish uchun unga qo‘ng‘iroq qildim.

«Haroratim bor, — deb javob berdi u.  - Men juda xavotirdaman. Kasalxona hozircha tahlillar o‘tkaza olmayapti, shuning uchun uyda karantinda o‘tiribman. Erim ovqatni yotoqxonaning eshigi oldida qoldiryapti va men o‘zimni yomon his qilyapman». 

Men uni tinchlantirishga harakat qildim, lekin, ehtimol, bu soxta va ishonarsiz chiqdi. 

Iloji boricha ko‘proq niqob

Bizning shaharda koronavirus yuqtirish holati tasdiqlangandan so‘ng juda muhim ehtiyoj tug‘ilmaganda uydan chiqmaslikka qaror qildik. Tongdan kechgacha televizor yoniq turadi — biz yangiliklarni tinglaymiz. 

Ijtimoiy tarmoq koronavirusdan himoyalanish choralari haqidagi postlar bilan to‘lgan