O‘zbekiston | 21:44 / 11.02.2020
15210
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududiga yiliga necha million kishi kirib chiqadi?

Bugun, 11 fevral kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona postiga press-tur uyushtirildi. Unda bojxona tizimida qilingan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma'lumot berildi.

«G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona posti

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekiston bojxona chegaralari orqali 42,6 mln. jismoniy shaxs o‘tib qaytgan.

Jumladan, Qozog‘iston bilan chegaralardagi postlardan o‘tgan jismoniy shaxslar soni 16,2 mln nafarni, avtotransport vositalari soni esa 718,1 mingtani tashkil qilgan.

«G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona post boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Saidovning aytishicha, 2020 yilning 1 yanvariga qadar jismoniy shaxslarning belgilangan me'yorlardan ortiqcha tovarlari uchun umumbelgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undirilgan.

Masalan, bu kiyim-kechaklar uchun 61 foiz, televizorlar uchun 84 foiz, shokoladlar uchun – 61 foizni tashkil qilgan.

Ilgari bojxona to‘lovlarini umumbelgilangan tartibda hisoblash va undirish jarayonlariga har bir jismoniy shaxs uchun 40-50 daqiqa, tovarlar ortilgan 1 ta yengil avtotransprot vositasiga esa o‘rtacha 2 soat vaqt sarflangan.

Endilikda esa 1 nafar jismoniy shaxs uchun o‘rtacha 10 daqiqa, tovarlar ortilgan 1 ta yengil avtotransport vositasi uchun esa 15 daqiqa kifoya qilmoqda.

Otabek Choriyev, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i

Ma'lumki, jismoniy shaxsga havo yo‘llari orqali kirib kelishda – 2000 AQSh dollari, temir yo‘l orqali – 1000 AQSh dollari, avtomobilda yoki piyoda ravishda kirib kelsa – 300 AQSh dollari miqdoridagi shaxsiy ehtiyoj uchun mo‘ljallangan tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi.

Tadbirda aytilishicha, «G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona posti O‘zbekistondagi yirik postlardan biri hisoblanadi va turli xil navbatda kutish kabi holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolar chiqish va kirish postlari alohida-alohida qurilgan.

Qolaversa, yangi qaror bo‘yicha avtotransportning o‘tkazish punktida bo‘lish vaqti uning turi va texnik holatiga qarab yengil avtotransport vositalari uchun 15 daqiqadan, yuk avtotransport vositalari uchun esa 30 daqiqadan ortiq bo‘lmasligi kerak.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 noyabrdagi «Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 4508-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kirmaydigan tovarlar ro‘yxati ham tasdiqlandi. Ular sirasiga tibbiyot texnikasi va uskunalari, tibbiyot, xirurgiya, stomatologiya yoki veterinariya mebeli, fotolaboratoriyalar uchun apparatura va uskuna, o‘yin avtomatlari kabi qator tovarlar kiradi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab, bojxona boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i (15%) va aksiz solig‘i o‘rniga tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrami uchun 3 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda yagona bojxona to‘lovi stavkasi joriy qilingan va 1 yanvardan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali harakatlangan jismoniy shaxslardan jami 2,1 mlrd. so‘m yagona bojxona to‘lovi undirilgan», – deydi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Kabulov.

Jahongir Saidov (chapda) va Rustam Kabulov (o‘ngda)

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarada 6ta chegara-bojxona postlari faoliyat yuritadi.

Bular – Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Dovud ota», Toshkent viloyatidagi «G‘ishtko‘prik», «S.Najimov», «Navoiy», «Yallama» va Sirdaryo viloyatidagi «Sirdaryo» chegara-bojxona postlaridir.

 «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti orqali 2019 yilda harakatlangan jismoniy shaxslar 7,8 mln. nafarni, avtotransport vositalari soni esa 141 mingtani tashkil qilgan.

Mavzuga oid