Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«25 yilda fermer tayyorlay olmadikmi?» – Dehqonlarning yerni ijaraga olishi qonuniylashadi
O‘zbekistonda yerni ikkinchi ekin uchun dehqonlarga ijaraga berish qonuniylashtirilmoqda.
Bugun, 12 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, «Ijara to‘g‘risida»ga qonunga kiritilayotgan o‘zgarishga binoan, dehqonlarga yerni ikkilamchi ijaraga berishga ruxsat berilishi mumkin.
Masala yuzasidan palata spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov munosabat bildirdi.
Uning aytishicha, bugungi kunda fermer yer egasi sifatida yerdan samarali foydalanish mas'uliyatini zimmasiga olgan holda, faqatgina davlat topshirig‘ini bajaryapti, biroq ikkilamchi ekinni tashkil qilish salohiyati va imkoniyatiga ega bo‘lmagani uchun O‘zbekistonda juda ko‘p yer maydonlari bo‘sh qolib ketyapti.
«Va shu muammoni hal qilish uchun Prezident qarori qabul qilinishi darajasiga kelgan bo‘lsa, demak, biz fermerlarni tayyorlay olmabmiz, degan xavotir paydo bo‘ladi.
Xalqni boqish uchun, eksport uchun mahsulot yetishtirib beruvchi manba hisoblangan yerning 100 gektari hatto ikkilamchi ekinni tashkil eta olmaydigan fermerning qo‘lida qolayotgan bo‘lsa, nega kamroq yerga ega fermerlar bo‘lmasligi kerak?
Fermer g‘alla bo‘yicha topshiriqni bajargandan so‘ng, yerlar bo‘sh qolib ketyapti. Va uning ikkilamchi ekinni yetishtirishga na samarasi, na moliyaviy mablag‘i va na salohiyati yetyapti. Shuning uchun biz qonunning buzib amalga oshirilayotgan jihatlarini qonuniylashtirishga majbur bo‘lyapmiz. Muammoni bartaraf etish imkoni bo‘lmagani uchun endi biz ham fermerning ikkilamchi ekin ekishga qurbi yetadigan odamga yerni berishiga rozi bo‘lyapmiz», – deb ta'kidladi Alisher Qodirov.

Uning qayd etishicha, garchi yer bo‘sh qolmasligi uchun bu o‘zgartirish kiritilayotgan bo‘lsa-da, savol fermerlarning mavsum davomida faqat bir martalik ekinni tashkil eta olayotgani va keyin yerning bo‘sh qolayotgani bilan bog‘liq.
«Biz 25 yildan beri fermer tayyor qila olmadikmi? Fermer yerini qarichma-qarich foydaga kirita olmasa, samarali qaror qabul qila olmasa, ikkilamchi ekindan o‘zi foyda ko‘rishni o‘ylamasdan uni ijaraga bersa, u qanaqa dehqon?
Biz qabul qilayotgan bu o‘zgarish muammolarning to‘liq yechimini ko‘rsatmaydi. Shuning uchun biz mana shu mavzuni chuqurroq o‘rganish uchun maxsus guruh tuzdik va ikkilamchi ijaraga berish tartibi bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish yuzasidan o‘z takliflarimizni bermoqchimiz», – deya qo‘shimcha qildi «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi.
Bu mavzuda fikr bildirgan spiker o‘rinbosari, O‘zLiDePning palatadagi fraksiyasi raisi Aktam Hayitovning aytishicha, bozor iqtisodiyotida yerni ikkilamchi ijaraga berish amaliyoti – tabiiy jarayon va buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.

«Dehqon, o‘rmon va yaylov xo‘jaligidan samarali foydalanishimiz zarur. Bu o‘zgarish esa yerdan unumli foydalanishga yordam beradi», – dedi O‘zbekiston O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi.
Mavzuga oid
17:55 / 09.06.2026
«Svetofor - yo‘lchiroq, parol - o‘ron» - deputatlar yangi qonunni ma’qulladi
09:06 / 03.06.2026
O‘zbekiston Afg‘onistonga qishloq xo‘jaligi urug‘liklarini beg‘araz yetkazib berdi
11:57 / 17.05.2026
Oqbo‘yradagi portlash yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati vazirlikka so‘rov jo‘natdi
20:28 / 14.05.2026