Bu muammoning oqibatlari faqat oziq-ovqat bilan bog‘liq emas, ko‘lami o‘ylaganimizdan ham keng va xatarli. Gap — minglab gektar unumdor, suvli yerlarning noqonuniy sotib yuborilishi va o‘zboshimchalik bilan egallab, bino qurilishi haqda ketyapti.
Tahririyatga 25 yoshlardagi yigit kirib keldi: «Aka, sizlar uchun «dahshatli» bitta mavzu bor. Bugun kechda mahallamizdan 20 kishi katta trassaga chiqadi. Hokimiyatdan norozi. Borib tasvirga olasizmi? Yutubga qo‘ysangiz ko‘rasiz sensatsiyani...»
Sensatsiya ortidan quvmasligimizga yigitni ishontirib bo‘lmadi. Ammo odatimizga muvofiq, surishtirib ko‘rdik. Bir vaqtlar fermer bir necha kishiga sug‘oriladigan yerni imorat uchun sotib yuborgan, hujjatsiz, asossiz... Endi fermer ham, uy qurgan fuqarolar ham bu qurilmalarni hujjatlashtirish uchun sarson.
To‘g‘ri, so‘nggi yillarda qachon, kim uyi buzilayotgani yuzasidan murojaat qilsa yetib bordik, yoritdik, jamoatchilik e'tiborini ko‘chada qolib ketishi mumkin bo‘lgan odamlar taqdiriga qaratishga harakat qildik.
Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Modomiki hujjatsiz, fermerning ekin maydoniga uy qurilar ekan, vaqti kelib uning buzilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Hatto «sensatsion shou»lar ham.
To‘g‘ri tushuning, aldanmang! Agar bu an'ana davom etaversa, ertaga yerlarimiz o‘z xalqimizni oziq-ovqat bilan ta'minlashga ham yetmay qoladi.
Ikki yil oldin hovlisini o‘zboshimchalik bilan kengaytirib olgan bir fuqaro, qo‘shib olingan 3 sotix yerni rasmiylashtirib bermagan mutasaddilar oldida o‘ziga o‘t qo‘yganini eslaymiz. O‘shanda «O‘zbekistonda uyi buzilishiga chiday olmagan fuqaro o‘zini yoqib yubordi» mavzusi qator saytlarda rosa «aylandi». Mutasaddilarning javobgar bo‘lib ketishiga oz qolgandi.
Bugun muammo qanaqa oqibatlar olib kelishi mumkinligi davlatga ayon: ikki enli noqonuniy yerni davlatga qaytarish uchun mutasaddilar tish-tirnog‘i bilan kurashmoqda. Boshqacha aytganda, hokimlikning oldin yo‘l qo‘ygan xatosi hozir aynan yana hokimlik oldidagi eng katta muammo bo‘lib turibdi.
Xuddi shu mavzuda yaqinda saytimizda ham «Hokimlar noqonuniy yer ajratgani uchun nega javobgarlikka tortilmagan?» sarlavhali maqola e'lon qilindi. Ta'kidlanganidek, «O‘zbekistondagi mavjud 44 mln. gektardan ortiq yer maydonlarining faqat 9 foizigina sug‘oriladigan ekin yerlardir va bu maydon kundan-kunga qisqarib boryapti. 15 yil oldin kishi boshiga 23 sotix sug‘oriladigan yer to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir bu miqdor 16 sotixga tushib qolgan. Vaholanki, aynan 15 yil oldin, aniqrog‘i, 2006 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yeridan uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ajratish Vazirlar Mahkamasi qarori bilan to‘xtatilgandi.
















