O‘zbekiston | 13:28 / 12.02.2020
9414
2 daqiqa o‘qiladi

«Ular yaqin yillarda chetga chiqishda davom etadi». Aziz Abduhakimov migrantlarga transport qulayligi yaratish haqida gapirdi

Xorijga chiquvchi mehnat migrantlari uchun transport qulayligi yaratiladi, poyezd va samolyot uchun chiptalar arzonlashtiriladi

Foto: KUN.UZ

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov mehnat migrantlarining xorijiy davlatga ketishda transport bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani bo‘yicha munosabat bildirdi. U mazkur masalaga O‘zbekistonda o‘tkaziladigan birinchi xalqaro aviatsiya forumiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

“Bizda mehnat migrantlari juda ham ko‘p. Biz istasak ham, istamasak ham yaqin yillarda ular mehnat qilish uchun Rossiyaga, boshqa davlatlarga chiqishda davom etadi. Shuning uchun ularga sharoit yaratib berishimiz shart”, deydi Aziz Abduhakimov.

“Migrantlarga ham xizmat ko‘rsatilishini o‘ylashimiz kerak. Poyezd, samolyot uchun arzon biletlarni yaratib berish kerak. Avtobus orqali ko‘plar chiqib ketyapti, lekin juda ham ko‘p muammolar bo‘lyapti. Qozog‘iston hududida sovuq ob-havo uchun qancha avtobus yo‘lda qolib ketdi, odamlar jabrlanyapti”, deya ta'kidlaydi u. 

Bosh vazir o‘rinbosari mamlakatda aholi soniga nisbatan samolyotlar miqdorining kamligi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. 

“O‘zbekistonning aholisi 34 mln.ga yetdi. Bizda 29ta samolyot bor, yana 5ta uchoqqa buyurtma berilgan. Qo‘shni Qozog‘istonda esa 18 mln aholi istiqomat qilgani holda 100dan ortiq samolyotga ega, yana 58tasiga buyurtma bergan. Bizning aholimizda mobillik kuchli, ya'ni tez-tez xorijga chiqadi. Lekin ko‘pincha O‘sh, Chimkent orqali chiqib ketishadi. Buni hal qilish kerak. O‘zimiz samolyotlarni ko‘paytirmasak, bozorni berib qo‘yishimiz mumkin”, deydi Aziz Abduhakimov.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid