O‘zbekiston | 09:01 / 18.02.2020
2732
5 daqiqa o‘qiladi

Energetika sohasida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi - Hukumat qarori loyihasi

Energetika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Energetika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha:

a) I.M. Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali, “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat budjeti oliy ta'lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali tomonidan neft-gaz, elektr va atom energetikasi sohalari uchun zarur bo‘lgan salohiyatli muhandis-texnik kadrlar tayyorlanmoqda;

b) prezidentning “Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-son farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida:

Taxiatosh energetika kasb-hunar kolleji, Shirin energetika kolleji, Qibray energetika kolleji hamda Nishon energetika kolleji Energetika vazirligi tizimidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga o‘tkazilgan;

Buxoro neft va gaz sanoati kolleji hamda Farg‘ona neft va gaz sanoati kolleji “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida faoliyat yuritmoqda.

Energetika va neft-gaz sohasining barcha yo‘nalishlarida zarur bo‘lgan salohiyatli kadrlar tayyorlash ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida:

Energetika vazirligi markaziy apparatidagi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni uchta shtat birligiga oshiriladi;

qo‘shib berilayotgan shtat birliklari hisobidan energetika sohasining barcha yo‘nalishlarida zarur bo‘lgan salohiyatli kadrlar tayyorlash ishlarini muvofiqlashtiradigan bo‘linma tashkil etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi;

Yangi tashkil etilayotgan bo‘linmaning ustuvor vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

Rossiya Federatsiyasi universitetlarining Toshkent shahridagi filiallari bilan birgalikda ularda neft-gaz va energetika sohasi uchun xalqaro talablarga javob beradigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishni nazorat qilish;

neft-gaz va energetika kollejlarida mehnat bozorlarida munosib o‘rin egallaydigan malakali va raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish, shuningdek ushbu kollejlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishni nazorat qilish;

energetika tarmog‘i kvalifikatsiya ramkalari va professional standartlari ishlab chiqilishini tashkil etish hamda amaliyotga joriy etilishini nazorat qilish;

Energetika vazirligi tizimidagi aksiyadorlik jamiyatlari, tashkilotlarda oliy va o‘rta bo‘g‘in mutaxassisliklari hamda kasblariga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash va tahlil qilish;

energetika tarmog‘idagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan, shuningdek boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruv tashkilotlarining talablaridan kelib chiqqan holda Rossiya Federatsiyasi universitetlarining Toshkent shahridagi filiallari hamda neft-gaz va energetika kollejlarida har yillik kvotalar va kasb turlarini belgilashda tegishli vazirliklarga takliflar kiritish;

Rossiya Federatsiyasi universitetlarining Toshkent shahridagi filiallari hamda neft-gaz va energetika kollejlarini tamomlagan mutaxassislarni ish bilan ta'minlash ishlarini muvofiqlashtirish.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi belgilangan tartibda:

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ijroiya apparati boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan sonini uchta shtat birligiga oshiradi;

qo‘shimcha shtat birliklari hisobidan kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish ishlari bo‘yicha boshqaruv raisining o‘rinbosari lavozimini kiritish hamda tegishli bo‘linma tashkil etish choralarini ko‘radi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda tugatilayotgan yoki faoliyat turi o‘zgarayotgan kasb-hunar kollejlarining energetika sohasida kadrlar tayyorlash uchun xizmat qiladigan jihozlarini neft-gaz va energetika kollejlariga nol qoldiq qiymatda o‘tkazish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.

Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiga neft-gaz va energetika kollejlari o‘tkazilganligini e'tiborga olgan holda:

yoqilg‘i-energetika mahsulotlari narxi va tariflarini hisoblashda kollejlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bo‘yicha sarf xarajatlarini hisobga oladi;

neft-gaz va energetika kollejlarini saqlash, moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar moliyalashtiruvchi korxonalar va kollejlarni soliqqa tortish bazasidan chiqarilishini ta'minlaydi;

kollejlarning kommunal xizmatlar, budjet va ish haqi bo‘yicha qarzdorliklarini topshirish hamda qabul qilish dalolatnomalarning rasmiylashtirish sanasiga qadar qoplanishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid