O‘zbekiston | 14:26 / 18.02.2020
3743
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda turizm hududlarini rejalashtirishda Turkiya tajribasi o‘rganilmoqda

Turkiyalik mutaxassis O‘nder Kayaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda turizm sohasida ulkan imkoniyatlar eshigining ochilishi ko‘plab yangi turizm loyihalariga yo‘l ochadi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida “O‘zbekistonda turizm hududlarini rejalashtirish va Turkiya tajribasi” amaliy seminari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan ushbu tadbirda Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining Investitsiyalar va amalga oshirish Bosh boshqarmasi mutasaddilari, Turkiya Mustaqil me'morlar uyushmasi rahbariyati ishtirok etishdi.

Tadbirni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek A'zamov ochib berib, O‘zbekistonning turizm va investitsion salohiyati haqida so‘z yuritdi, sohani rivojlantirish uchun rejalashtirish va konsepsion loyihalarning hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

“2017 yil oktabr oyida “O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Turkiya Respublikasi hukumati o‘rtasida “Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi Bitim imzolangan. 2019 yilning sentabr va dekabr oylarida, joriy yilning yanvar oyida Qo‘mitamiz xodimlari Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligida tajriba almashinuvi mashg‘ulotlarida ishtirok etib qaytishdi. O‘tgan yilning dekabr oyidagi turizm hududlarini rejalashtirish va investorlarni jalb qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tajriba almashinuvi mashg‘ulotlarining mantiqiy davomi sifatida mazkur forumimizni tashkillashtirdik”, - dedi Ulug‘bek A'zamov.

Seminar doirasida qator yalpi sessiyalar o‘tkazilib, ulardaTurizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Turistik zonalarni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish departamenti hamda “Qishloqqurilishloyiha” instituti mutaxassislari mamlakatimizda yo‘lbo‘yi turizm infratuzilma obektlari loyihalariga to‘xtalishdi.  

Tadbirda shuningdek Qo‘mitaning Turkiya Respublikasidan jalb qilingan xorijiy maslahatchisi Sodiq Badak ham ishtirok etib, “O‘zbekistonda turizm hududlarini rejalashtirish va tematik turizm shaharchasi namunasi” mavzusida taqdimot qildi.

“O‘zbekistonda madaniy, gastronomik, tibbiyot, eko, agroturizm va turizmning boshqa turlarini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Shuni alohida ta'kidlash joizki, sayyohlar e'tiborini tortishda tematika muhim ahamiyat kasb etadi. Biz turizm hududlarini rivojlantirish uchun ularga muayyan mavzularni yuklashimiz kerak bo‘ladi. Mazkur loyihamizda o‘zbek xalqining uzoq yillik tarixi, madaniyati, etnografiyasi, an'ana va qadriyatlarini o‘zida aks ettiruvchi tematik turizm shaharchasi g‘oyasini ilgari surdik”, - dedi Sodiq Badak.

Ikkinchi sessiyada Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi boshqarma boshlig‘i Taner Piri va bo‘lim boshlig‘i Mustafo O‘zdemir vazirlikning turizm hududlarini rejalashtirish va investorlar uchun yer maydonlarini ajratish faoliyati bo‘yicha taqdimot qilishdi hamda Turkiyaning turizm sohasida erishgan yutuqlariga to‘xtalib o‘tishdi.

Turkiyalik yana bir mutaxassis O‘nder Kayaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda turizm sohasida ulkan imkoniyatlar eshigining ochilishi ko‘plab yangi turizm loyihalariga yo‘l ochadi.

“Biz bunga shunchaki biznes yoki daromad manbai sifatida qaramoqchi emasmiz, uzoq muddatli, keng qamrovli hamkorlik imkoniyatlarini ko‘ryapmiz. Shu bois loyihalar ishlab chiqish bilan cheklanmasdan, ularning xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirilishini ta'minlashda O‘zbekistonning yosh, bilimdon va izlanuvchan yoshlarining malaka oshirishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni taklif etmoqchimiz. O‘zbekiston diyori muhtasham tarixiy obidalar, rejasi pishiq ishlangan shaharlarga boy. Demak, bu mamlakatda me'morchilik, rejalashtirish va loyihalashtirish sohasida ulkan tajriba mavjud. Ushbu ko‘p asrlik tajribani zamonaviy turizm obektlarini barpo etishga yo‘naltira olsak, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishimizga shubham yo‘q”, - dedi u.

Bundan tashqari, Gunesh Go‘kchek, Mustafo O‘zdemir va Erkan Kacharlar ham sohani rivojlantirishga doir qiziqarli taqdimotlari bilan qatnashishdi.

Seminarning ikkinchi kunida Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xodimlari tomonidan loyihalashtirilayotgan turizm zonalari joyiga borib o‘rganildi. Toshkent viloyatidagi turizm zonalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar turkiyalik mutaxassislar tomonidan yuksak baholandi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, turkiyalik ekspertlar bilan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Mavzuga oid