Barak Obama 17 fevral kuni tvitterdagi sahifasida shunday yozdi: «Bundan 11 yil avval AQSh tarixida eng ko‘p ish o‘rni yaratgan hujjatni imzolagandim».

Ha, 2009 yil 17 fevral kuni AQShning 44-prezidenti Barak Obama tarixiy hujjatga imzo chekkandi. Gap 787 milliard dollarlik inqirozdan chiqish rejasi haqida ketmoqda.

2008 yil butun dunyo iqtisodiyotiga zarba bergan inqiroz ayniqsa AQShga juda jiddiy ta'sir qilgandi. Bunday qiyin holatdan hukumat o‘z fuqarolarini qanday olib chiqib ketgandi?

AQSh prezidentligiga juda noqulay vaqtda kelgan Barak Obama iqtisodiy inqirozdan chiqib ketish uchun juda qimmat rejani taklif qiladi. Obamaning rejasi 1 yilga emas, naq 10 yilga mo‘ljallangan edi. Prezident taklif qilgan inqirozdan chiqish dasturiga davlat budjetidan 787 milliard dollar pul ajratilishi belgilangandi. Obama bu rejasi orqali davlat budjetidagi 1,3 trillion dollarlik defitsitni prezidentligining birinchi muddati yakunida 533 milliard dollargacha kamaytirishni ko‘zlaydi.

Bu tarixiy hujjatni imzolash marosimi tantanali tarzda Kolarado shtatidagi tabiat va fan muzeyida o‘tkaziladi. Rasman nomi «American Recovery and Reinvestment Act» bo‘lgan bu rejaga «AQSh iqtisodiyotini jonlantirish» deb nom beriladi.

Hujjatni imzolagan Obama shunday degandi: «Bu hujjat bilan hamma muammolarimiz hal bo‘lib qolmaydi. Qilishimiz kerak bo‘lgan hamma ishlarni unga sig‘dira olmaymiz, ammo ishoning, bu inqiroz yakunining boshlanishi».

Obama tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyihaga hamma senatorlar rozilik bildirmaydi. Uzoq muhokamadan so‘ng Cenat 13 fevralda loyihani tasdiqlaydi. Uni qo‘llab 61 senator ovoz beradi, 37 senator qarshi chiqadi. Vakillik palatasi inqirozdan chiqish bo‘yicha o‘z loyihasini taklif qilgani bois Obamaning loyihasini qabul qilish kechikib ketadi.

Loyihaning asosiy maqsadi nima edi?

Obama taklif qilgan bu loyihaning asosiy maqsadi davlat xususiy investorlar yordamida tadbirkorlarni qiyin vaziyatdan olib chiqishi kerak edi. Masalan, ajratilishi kerak bo‘lgan pullarning 500 milliard dollari banklardagi qiymati pastlagan aktivlarni sotib olishga qaratilishi mo‘ljallanadi.