II Toshkent xalqaro marafonining sovrin jamg‘armasi e'lon qilindi
Marafonning umumiy mukofot jamg‘armasi 350 mln. so‘mni tashkil etadi. Katta marafon musobaqasi g‘olibi 30 million so‘m, yarim marafon musobaqasi g‘olibi esa 12 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
22 mart kuni Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab II Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi. Bugun, 20 fevral kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma'lumot berildi.
Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Elbek Shukurov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Yengil atletika federatsiyasi raisi Andrey Abduvaliyev, federatsiya bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zimuhammedov, II Toshkent xalqaro marafoni bosh koordinatori Boris Jgir, xalqaro ekspert Aleksey Kondrat hamda taniqli sportchilar, matbuot va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Anjuman avvalida Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Elbek Shukurov bu yilgi tadbir haqida qisqacha ma'lumot berdi.
«O‘tgan yili poytaxtimizda ilk marotaba Toshkent xalqaro yarim marafoni yuqori saviyada tashkil etilgandi. Bu yil esa musobaqa nufuzi va ko‘lami yanada kengayib, endi to‘liq marafon o‘tkazilmoqda.
Joriy yilgi marafon to‘rtta masofada tashkil etiladi. Ya'ni, uzunligi 42 km 195 m bo‘lgan marafon, uzunligi 21 km 97,5 m bo‘lgan yarim marafon hamda 3 km va 1,5 km masofalarga yugurish musobaqalari. Marafon distansiyasi esa World Athletics, ya'ni Jahon yengil atletikasining jamoaviy a'zosi bo‘lgan AIMC – Xalqaro uzoq masofa va marafonlar assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatsiyalangan.
Har qanday sport turining asosi – yugurish. Shu ma'noda mazkur marafon poygalarining o‘tkazilishi shahrimiz aholisi va mehmonlari orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va yugurishni ommaviylashtirishga, qolaversa sport turizmini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning eng kuchli marafonchilarini aniqlashga xizmat qiladi», dedi Elbek Habibullayevich.
Shuningdek, matbuot anjumanida II Toshkent xalqaro marafonining umumiy mukofot jamg‘armasi 350 mln. so‘mni tashkil etishi, katta marafon musobaqasi g‘olibi 30 million so‘m, yarim marafon musobaqasida 1-o‘rinni egallagan sportchi esa 12 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishi aytib o‘tildi.
Umuman, har ikki masofada dastlabki 8ta o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar uchun mukofot belgilangan.
Qolaversa, 3 km masofaga shaxsiy va jamoaviy hamda 1,5 km masofaga o‘tkaziladigan poygalarda o‘z guruhlarida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar ham pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Ta'kidlanishicha, II Toshkent xalqaro marafoni Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan marafon yo‘nalishi bo‘yicha Tokio-2020 olimpiadasiga reyting ochkolari taqdim etadigan musobaqalar qatoriga kiritilgan. Bu esa ishtirokchilarning musobaqalarga bo‘lgan qiziqishni yana ham oshiradi.
Anjumanda jurnalistlarni Xitoyda keng tarqalgan koronavirus epidemiyasi musobaqaga qay darajada ta'sir o‘tkazishi mumkinligi ham qiziqtirdi.
«Koronavirus muammosi butun dunyoga tahdid solayotgani bor gap. Biroq bu bilan katta sport to‘xtab qolgani yo‘q, xalqaro musobaqalar davom etmoqda.
Tadbirni o‘tkazish uchun hukumat tomonidan tegishli qarorlar qabul qilingan. Marafon musobaqasini o‘tkazish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham tegishli topshiriqlar berilgan. O‘zbekistonda xavfning oldini olish uchun eng zamonaviy ehtiyot choralari ko‘riladi», – deb javob berdi Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Elbek Shukurov.
Anjumanda ishtirok etgan II Toshkent xalqaro marafoni bosh koordinatori Boris Jgir musobaqa o‘tadigan Toshkent trassalari xalqaro talablarga to‘liq javob berishi, o‘z navbatida marafon paytida g‘olibni aniqlash uchun transponder tizimidan foydalanilishi haqida aytib o‘tdi. Bu esa musobaqaning shaffofligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Toshkent xalqaro marafoni o‘tgan yili ham o‘tkazilgan va unda dunyoning 30ga yaqin davlatidan vakillar ishtirok etgan edi. Bu safar musobaqa geografiyasi ancha kengayib, 50dan ortiq davlatdan ishtirokchi kelishi kutilyapti.
Musobaqaning start-finish chizig‘i Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalarining kesishuvida, «Humo Arena» muz saroyi oldida joylashgan.
Marafon va yarim marafon masofalarida vaqt cheklovi belgilangan bo‘lib, sportchilar ushbu vaqt davomida masofani yakunlashlari shart. Qolaversa, marafon, yarim marafon hamda 3 km va 1,5 km masofaga yugurish bahslarida marraga yetib kelgan ishtirokchilarining har biriga maxsus medal topshiriladi.
Shuningdek, tadbir tashkilotchilari va homiylar tarafidan musobaqa g‘oliblari va ishtirokchilarga qo‘shimcha sovg‘alar ham ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Marafonga doir qo‘shimcha ma'lumotlar, ya'ni ishtirok qiymati, onlayn ro‘yxatdan o‘tish va tadbir yuzasidan boshqa ma'lumotlarni www.uzmarathon.uz saytidan olishingiz mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati.
Mavzuga oid
17:10 / 26.10.2024
Inson matonati – 61 yoshida supermarafonda g‘olib chiqqan avstraliyalik cho‘pon
10:50 / 14.10.2024
Keniyalik sportchi marafonda yangi jahon rekordini o‘rnatdi
22:50 / 08.10.2024
Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan marafon uch oyda 378 ming yevro to‘pladi
23:49 / 10.08.2024