Bugun, 24 mart kuni Toshkentda o‘zbek yengil atletikasi tarixida ilk bor yarim marafon o‘tkazildi. Xalqaro maqomga ega bo‘lgan ushbu yirik sport tadbirida dunyoning 28 mamlakatidan 1700 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.

Tonggi soat 7:00dan boshlab ishtirokchilar poytaxtdagi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi oldida to‘planishdi. Soat 8:15da esa qatnashchilar start zonasiga yig‘ildi. Toshkent I xalqaro yarim marafonining tantanali ochilish marosimi soat 8:40da bo‘lib o‘tdi.​

Shundan so‘ng soat 9:00da 21 kilometr masofaga yugurishga start berildi. 5 kilometr masofaga yugurish qatnashchilari esa soat 9:10da o‘z ishtirokini boshlashdi. Har ikki masofada ham ishtirokchilar Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi oldidan start oldi.

Boshqa ishtirokchilar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, vazirning birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov va boshqa vazirliklarning rahbarlari ham yugurishdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Marafonda havaskorlar qatorida boshqa sport turlaridagi nomdor atletlar ham o‘z omadini sinab ko‘rishdi. Jumladan, ular orasida taekvondo bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari chempioni va ayni paytda professional boksda yorqin janglar olib borayotgan Isroil Madrimov kabi yulduz sportchilarni ham ko‘rish mumkin edi.

Ishtirokchilar Afrosiyob, Nukus, Abdulla Qodiriy, Mustaqillik shoh ko‘chalari bo‘ylab metroning Buyuk ipak yo‘li bekatiga, keyin Mirzo Ulug‘bek, Taraqqiyot ko‘chalari orqali Amir Temur maydoni, O‘zbekiston ko‘chasi, Mustaqillik maydoni, Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari bo‘ylab yugurib o‘tishdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi