18:46 / 20.02.2020
1
18025

«O‘zbekistonga yetib kela olmayman, deb qo‘rqqandim» – Karantindan keyingi fikrlar

Xitoydan qaytarilgan uchinchi guruh vatandoshlar uchun ham karantin muddati tugadi.

Xitoyning turli shaharlaridan olib kelingan 206 nafar o‘zbekistonlik talaba uchun karantin muddati 20 fevral kuni tugadi va ularga javob berildi. Ularning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmadi.

Qibray tumanida joylashgan «O‘zbekgidroenergo» AJga qarashli «Energetiklar sihatgohi» MJChda 14 kun davomida karantinda saqlangan 206 nafar talabaga payshanba kuni uylariga qaytishga ruxsat berildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

4-6 fevral kunlari Xitoydan uchta charter reys tashkil etilib, jami 584 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan edi. 18 fevralda ularning 294 nafari, ertasiga esa yana 84 nafari karantindan chiqarilgan edi.

«U yoqdalik paytimizda, to‘g‘risi, O‘zbekistonga yetib kela olmayman, deb qo‘rqqandim. Chunki yo‘llar yopilgan, reyslar qoldirilgan edi.
Xudoga shukr, charter reyslar qo‘yildi. Shu munosabat bilan biz ham yurtga qaytib oldik.

U yoqda ekanimizda unchalik ham qo‘rqqanimiz yo‘q, chunki bu epidemiyaga qarshi turish uchun hamma sharoitlar bor edi. Qo‘rqqan narsamiz – uydagilarimiz juda ham xavotir olishdi. To‘g‘risi, vaziyat juda unaqa yaxshi bo‘lmasa ham, uydagilarga yaxshi deb aytgan paytlarimiz ham bo‘ldi», – deydi talabalardan biri.

«Biz bugun judayam xursandmiz. Endi xavotirlar ortda qoldi. Bizga shunaqa yaxshi sharoitlarni yaratib berganlarga katta rahmat.

To‘g‘risi, karantinda bunaqa sharoitlar bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Kunlik 3 mahal ovqat. Har kuni nazorat. Albatta, barchamiz juda xursandmiz», deydi boshqa bir talaba.

 

14 kunlik muhlat tugaganidan nafaqat talabalar, balki ular bilan birga karantinda bo‘lgan tibbiyot xodimlari, maskanda ishlaydigan oshpazdan tortib bog‘bonlargacha xursand. Xodimlar va talabalar o‘z quvonchlarini yashirib o‘tirishmadi. Barchalari birga o‘yinga ham tushishdi.

Eslatib o‘tamiz, 20 fevral holatiga ko‘ra koronavirusdan vafot etganlar soni 2100dan oshdi. Xitoydan tashqaridagi qurbonlar soni o‘nga yaqinlashmoqda. Virus yuqtirib olganlar 75 mingdan ortiqni tashkil etayotgan bo‘lsa, jami 15 ming nafarga yaqin bemor sog‘ayib ketdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top