O‘zbekiston | 20:54 / 21.02.2020
3894
4 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obektlarini hisobga olishning alohida tartibi joriy etiladi

Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahri, Do‘stlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida 4 ta soliq tayanch punktlari tashkil etiladi.

Foto: OrexCA.com

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obektlarini hisobga olish va soliq ma'muriyatchiligining alohida tartibini joriy etish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 maydan boshlab, 2021 yil 1 maygacha Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish obektlarini hisobga olish va soliq ma'muriyatchiligining alohida tartibi joriy etiladi.

Hujjatda belgilanishicha, tajriba davrida:

jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibda qurilgan uy-joylar va yashash uchun mo‘ljallangan boshqa turar joylar (keyingi o‘rinlarda ko‘chmas mulk obektlari deb ataladi), shuningdek, mazkur qarorga ilovada ko‘rsatilgan ayrim mol-mulk turlari soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan soliq solish obektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga beriladi;

jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk obektlarining ijaraga berilishi bilan bir vaqtda Davlat soliq qo‘mitasining yagona elektron platformasiga (mobil ilova yoki veb-sayt orqali) bu haqdagi ma'lumotlar kiritilishi lozim. Bunda yagona elektron platformaga tegishli ma'lumotlar kiritilgan taqdirda, ko‘chmas mulk obektlarini ijaraga berish shartnomasini tuzish va uni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish talab etilmaydi;

ko‘chmas mulk obekti va ayrim mol-mulk turlari soliq organlarida hisobga olingan maxsus cheklar taqdim etish orqali ijaraga beriladi hamda tegishli soliqlar to‘langan taqdirda, ushbu faoliyatdan tushgan naqd pulni bank kassasiga topshirish ixtiyoriy hisoblanadi;

soliq solish obektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi guvohnomasiz ko‘chmas mulk obektlari va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish yoxud ko‘chmas mulk obektlarining ijaraga berilgani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni belgilangan tartibda yagona elektron platformaga kiritmaslik — soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi;

soliq solish obektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi guvohnoma asosida ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslar tadbirkorlik sub'yektlari sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi shart emas hamda ularning daromadlariga belgilangan tartibda deklaratsiya asosida soliq solinadi;

tadbirkorlik sub'yekti sifatida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda oilaviy mehmon uylari xizmatlari ko‘rsatayotgan va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxslarga mazkur qaror talablari tatbiq etilmaydi.

Bo‘stonliq tumanining G‘azalkent shahri, Do‘stlik, Sijjak va Novobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida 4 ta soliq tayanch punktlari tashkil etiladi va soliq organlari boshkaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 30 ta shtat birligi ajratiladi.

Qarorga ilovada keltirilgan jismoniy shaxslarning daromad manbai sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yiladigan mol-mulklari ro‘yxati quyidagilardan iborat:

1. Suv transporti (motorli va motorsiz, shu jumladan shishiriladigan).

2. Suv mototsikllari (skuterlar va boshqalar).

Z. Qorda yuradigan texnika vositalari (qor avtoulovi).

4. Kvadrosikllar.

5. Paraplanlar va deltaplanlar.

6. Supa, so‘ri, topchanlar va shunga o‘xshash dam olish uchun joylar.

Mazkur ro‘yxatga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid