Jamiyat | 19:30 / 21.02.2020
5200
2 daqiqa o‘qiladi

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazdi

Foto : KUN.UZ

«Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti tashabbusi bilan Samarqanddagi «Registon-Plaza» mehmonxonasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. «Hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish: nazariya, amaliyot va istiqbollar» mavzusida o‘tkazilgan konferensiyada ko‘plab xalqaro ma'ruzachilar qatnashdi.

Ayniqsa, germaniyalik professor Desmond Vining chiqishi qatnashchilarda katta taassurot uyg‘otdi. U O‘zbekistonning, ayniqsa, Samarqandning sayyohlik borasida salohiyatiga yuqori baho berdi. Shimoliy Kavkaz federal universiteti (Rossiya), Qozon federal universiteti, Sochi davlat universiteti, Xazar universiteti (Ozarbayjon), Arman turizm instituti (Armaniston) va yana ko‘plab xalqaro oliygohlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konferensiyada Sandip Valiya (Hindiston), Tanzil Muhammad Multazam (Indoneziya), Pudja Choudxari (Hindiston), Beyken Chizel (Turkiya) kabi mashhur ma'ruzachilar nutq so‘zladi

Konferensiyada Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev so‘zga chiqib Samarqandda sayyohlar oqimini oshirish uchun yangi turistik marshrutlarni ochish kerakligini aytdi. Uning fikricha, Samarqanddagi tarixiy binolargagina ishonib qolib sayyohlar sonini oshirish rejasini bajarib bo‘lmaydi. Sayyohlar uchun Samarqand tashqarisida ham borish mumkin bo‘lgan joylarni ko‘paytirish kerak.

Ilmiy-amaliy konferensiya yakunida «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti talabalari orasida turizm bo‘yicha yozilgan eng yaxshi maqola sohiblari sertifikat va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Konferensiya doirasida «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti hamda Lovely professional universiteti (Hindiston), Kana universiteti (Hindiston), Sidoardjo universiteti (Indoneziya) va Xalqaro Islom akademiyasi (O‘zbekiston) kabi oliygohlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ipak yo‘li xalqaro turizm universiteti jamoatchilik bilan ishlash piar bo‘limi

Mavzuga oid