Kun.uz muxbirlari Kiyevga safar qilib, zamonaviy o‘zbek futbolining eng mashhur hujumchilaridan biri Maksim Shatskix bilan suhbatlashdi.

Hozirda Volgogradning «Rotor» klubida bosh murabbiy yordamchisi sifatida faoliyat olib borayotgan Shatskix intervyuning birinchi qismida Yevropa futboli va «Dinamo Kiyev»dagi faoliyati haqida so‘z bordi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyati to‘g‘risida suhbatlashdik.

– O‘zbekiston milliy jamoasidan ilk marta chaqiruv olgan paytingizni eslaysizmi? Birinchi o‘yin haqidagi hissiyotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– To‘g‘risi, buni eslolmayapman... 1997 yilmidi?

– 1999 yil avgust oyi, «Dinamo Kiyev»ga o‘tganingizdan keyin. Bosh murabbiy Mahmud Rahimov edi. O‘rtoqlik o‘yini Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Qancha gol urganingiz yodingizdami?

– Ha, esladim. 5:0 hisobida yutgan edik shekilli, 3ta gol urganman... MDH vakili bilan o‘ynaganmiz. Tojikiston yo Qirg‘iziston edi shekilli...

– Yo‘q, Ozarboyjon milliy jamoasiga qarshi o‘yin edi. 5:1 hisobida yutganmiz. Siz milliy jamoadagi ilk o‘yiningizda het-trik qilgansiz!

– Ha, to‘g‘ri, endi esladim. Nima, «Dinamo Kiyev»ga o‘tmaguncha meni milliy jamoaga chaqirishmaganmi?

– Faqat «Dinamo Kiyev»ga o‘tganingizdan so‘ng e'tiborga tushgan bo‘lishingiz mumkin.

– G‘alati. Futbolchilarni kuzatib borish kerak, balki men «Baltika»da ham yaxshi o‘ynagan bo‘lishim mumkin-ku? Bu – milliy jamoa, barcha futbolchilarni kuzatib borish kerak. Balki 1-ligadagi futbolchi Premer-ligadagi futbolchidan yaxshiroq o‘ynashi ham mumkin. Hamma futbolchini kuzatib borish lozim. Balki u o‘ziga jamoa topolmayotgandir yoki murabbiy bilan kelishmovchiligi bordir. Ammo saviyasi yuqoriroq bo‘lishi va Premer-ligada o‘ynayotgan futbolchidan ko‘proq foyda keltirishi mumkin.