O‘zbekiston | 19:44 / 21.02.2020
5985
2 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim muassasalarining ayrim jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifasi beriladi

Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun amaliy sinovlar normativlari Davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan belgilanadi.

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan yuqori mehnat samaradorligiga erishayotgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini munosib rag‘batlantirishni tashkil etish maqsadida hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan qo‘shimcha bandga ko‘ra:

Ta'lim muassasalarining quyidagi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga malaka toifasi (lavozim) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (attestatsiyadan o‘tkazilmasdan) beriladi:

tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o‘rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi);

viloyat miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o‘rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi); 

xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining 1, 2 va 3-o‘rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi).

Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun amaliy sinovlar normativlari tegishlicha Davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasalari reytingini aniqlashda sport klubi va seksiyalariga a'zo bo‘lib, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi hamda sport tasnifiga (razryadga) ega bo‘lgan talabalar soni hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha moddiy-texnik bazaning holati, sport infratuzilmasining mavjudligi va jihozlanish darajasi ham mezon sifatida hisobga olinadi.

Mavzuga oid