Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilk bor o‘n kunlik sinovdan o‘tgan fuqarolarning 10 nafari harbiylikka imtiyozli ravishda qabul qilinadi
“Yosh harbiy vatanparvarlar” shiori ostida 21-25 yosh atrofidagi 100 nafar fuqaro 10 kun muddatda jangovar, sport hamda ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga jalb qilinadi.
Bugun, 25 fevral kuni “Kattaqo‘rg‘on” dala o‘quv maydonida “Harbiy-vatanparvarlik sport lageri”ning ilk ishtirokchilari tantanali ravishda kutib olindi. “Yosh harbiy vatanparvarlar” shiori ostida 21-25 yosh atrofidagi 100 nafar fuqaro 10 kun muddatda jangovar, sport hamda ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga jalb qilinadi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma'lum qildi.
Yig‘in yakunida jismoniy va axloqiy-ruhiy jihatdan yaxshi va a'lo ko‘rsatkichlar qayd etgan 10 nafar fuqaro Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov buyrug‘iga ko‘ra, mart-aprel oylarida bir oylik xizmatga, may oyidan esa shartnoma asosidagi harbiy xizmatga qabul qilinadi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi hamda Mudofaa ishlar boshqarmasi tomonidan Navoiy viloyatida muqim ish joyiga ega bo‘lmagan qariyb 9 ming nafar yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Ulardan yuz nafari “harbiy-vatanparvarlik lageri”ning ilk ishtirokchilariga aylandi. Bu yerda harbiy fanlardan tashqari, yigitlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tomonidan turli mavzudagi treninglar o‘tkaziladi.
Navoiy viloyatidagi 12 ta tumandan harbiylikka qiziqishi yuqori va asosiysi o‘z istagiga ko‘ra kelgan yoshlarga harbiy formalar berildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Guruhlarga bo‘lib, yotoqxonalarga joylashtirildi. Askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat ta'minoti yo‘lga qo‘yildi.
Harbiy vatanparvarlik sport lagerining ochilish tantanasida Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, Navoiy viloyati hokimi, senator hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari yoshlarni tarbiyalashda yangicha tizim joriy etilgani va ayni damda amalda ekanligini ta'kidladi. Ko‘rgazmali chiqishlar hamda jangovar texnikalar parkida tashkil etilgan qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rigi yoshlardagi qiziqishni yanada oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya oldingi qatorlarda bo‘lishini ta'kidlagandi.
Mavzuga oid
15:35 / 09.06.2026
Mudofaa bo‘limlarida tibbiy komissiyalar tugatilib, maoshlar oshiriladi
15:20 / 09.06.2026
Harbiy havo kuchlari jangovar qo‘mondonligi tashkil etildi
12:18 / 23.05.2026
O‘zbekiston va Qatar harbiy hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladi
20:16 / 12.05.2026