O‘zbekiston | 11:53 / 25.02.2020
18523
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgan xorijiy mashinalardan jarima undirishning yangi mexanizmi joriy etiladi

Xorijiy avtotransport vositalarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish tizimini yanada takomillashtirish mo‘ljallanmoqda

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy avtotransport vositalarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston hududida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalaridan tegishli jarimalarni ichki ishlar organlari tomonidan onlayn taqdim etilgan ma'lumotlar asosida, ushbu avtotransport vositalari respublika hududidan chiqib ketayotganda bojxona organlari tomonidan undirish mexanizmi joriy etiladi.

Davlat bojxona qo‘mitasiga respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganligi bo‘yicha to‘lanmagan jarimalarni avtotransport vositalari respublika hududidan chiqib ketayotganda undirib olish, to‘lanmagan taqdirda jarima summasi to‘liq undirilgunga qadar avtotransport vositasini davlat bojxona xizmatining hududiy organi yoki bojxona posti tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlovga olish huquqi beriladi.

Ichki ishlar vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda:

O‘zbekiston hududida vaqtincha bo‘lib turgan hamda respublika hududi bo‘ylab tranzit o‘tayotgan xorijiy avtotransport vositalari respublika hududida yo‘l harakati qoidalarini buzganligini ular bojxona chegarasini kesib o‘tishida real vaqt rejimida aniqlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya ma'lumotlar bazasini Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotlar bazasi bilan integratsiyalashtiradi;

respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalaridan jarima summalarini bojxona organi tomonidan undirish tartibi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Davlat bojxona qo‘mitasi:

Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalaridan to‘lanmagan jarimalarni ushbu avtotransport vositalari respublika hududidan chiqib ketayotganda undirib olish choralari ko‘riladi, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining, shuningdek ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning avtotransport vositalari bundan mustasno;

chegara bojxona postlarini zamonaviy kameralar, xususan “Avtotransport vositalari raqamlarini aniqlash tizimi” va dasturiy ta'minotlar bilan ta'minlasin hamda ushbu texnik vositalarni yangilab borish, axborot tizimlarini doimiy ishlab turishi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilganligi uchun bojxona organlari tomonidan undirilgan jarima summasidan Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga ajratilishi belgilangan qismining 50 foizi miqdori Davlat bojxona qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid