O‘zbekiston | 09:40 / 25.02.2020
5994
3 daqiqa o‘qiladi

Sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qanday hollarda qo‘llanilishi aniq belgilanadi

Sudyaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoxud odam o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik uchun ayb e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi.

«Sudlar to‘g‘risida»gi qonun 70-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, sudyalarning shaxsiy xavfsizligini ta'minlash maqsadlarida ularga tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha o‘qotar qurol beriladi. Zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.

Shuningdek, sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoxud odamning o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik uchun ayb e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qoida sudya sifatida ishlashi davrida bunday jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sobiq sudyaga  nisbatan ham qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonuni 28-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldiriladi:

«Sudyalar orasidan saylangan Kengash a'zosiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoxud odamning o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik aybi e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qoida Kengash a'zosi sifatida ishlashi davrida bunday jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Kengashning sobiq a'zosiga nisbatan ham qo‘llaniladi».
 
«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunning 21-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldiriladi:

«Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoxud odamning o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik aybi e'lon qilingan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Mazkur Konstitutsiyaviy sudning sudyasi  sifatida ishlashi davrida bunday jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Konstitutsiyaviy sudning sobiq sudyasiga nisbatan ham qo‘llaniladi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid