Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub'yektlarini bankrot deb topish amaliyoti o‘zgaradi
O‘zbekistonda iqtisodiy nochor korxonalarga nisbatan bankrotlik taomillarini qo‘llashda yangicha amaliyot joriy etiladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligida bo‘lib o‘tgan seminarda shu haqda so‘z bordi.
O‘zbekistonda iqtisodiy nosog‘lom holga tushib qolgan korxonalar, tadbirkorlik sub'yektlarini bankrot deb e'lon qilishda yangi qoidalar joriy qilinadi. Bunda, korxonani bankrot deb tan olish emas, balki uni iqtisodiy jihatdan sog‘lomlashtirishga hamda tadbirkorligini qaytadan yo‘lga qo‘yishga jiddiy e'tibor qaratiladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda shu haqda ma'lum qilindi.


Agentlik vakillari «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Qonun loyihasini ishlab chiqish borasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish doirasida Yaponiyada bo‘lib qaytdi. Endilikda, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari va korxonalarning bankrotlik amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi tajribali amaliyotchilari O‘zbekistonga taklif etildi.
28-29 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘quv seminarida «Bankrotlik qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha Yaponiya tajribasi» o‘rganiladi hamda «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Qonun loyihasi muhokama qilinadi. Seminarning ilk kunida bankrotlik amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi 150 nafar mutaxassisga Yaponiyada bu borada qo‘llaniladigan jarayonlar xususida ma'ruza qilindi.
Yaponiyaning Hiiragi Sogo Law Offices yuridik firmasi advokati Shimizu Yusuke «Yaponiyada bankrotlik qonunchiligi va tizimi» xususida ma'lumotlar bergan bo‘lsa, bankrotlik va sanatsiya ishlari bo‘yicha Anderson Mori & Tomotsune yuridik firmasi advokati Sekibata Xiroki «Yaponiyada bankrotlik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti» mavzusida axborotlar bilan o‘rtoqlashdi.


Nima uchun aynan Yaponiya? Kunchiqar yurt mazkur sohada katta tajribaga ega bo‘lib, Jahon bankining to‘lovga qobiliyatsizlikni hal qilish ko‘rsatkichida 190 mamlakat orasida yetakchi 3talikdan o‘rin egallagan.
«To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi Qonunni ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, kreditorlarning hamda xorijiy investorlarning bankrotlik jarayonida kreditorlik qarzdorliklarini qaytarish kafolatlarini yanada kuchaytirish, bankrotlik taomillari orqali iqtisodiy nochor korxonalar faoliyatini qayta tiklash hisoblanadi.
Shu bois, bankrotlik sohasini yanada takomillashtirish, bankrotlik orqali iqtisodiy nochor korxonalar faoliyatini sog‘lomlashtirish orqali qayta tiklashning ilg‘or amaliyotini joriy etish maqsadida, xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rgangan holda yangi «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida» Qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.


Bu bilan korxonalarning bankrotlik jarayonlari takomillashtiriladi, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish imkoniyatlari kengayadi, kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish va kreditor qarzdorlikni qaytarish miqdori yanada oshiriladi.
Reklama huquqi asosida
Mavzuga oid
20:00 / 04.07.2024
2023 yilda “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi 4,5 barobardan ko‘proqqa qisqardi
20:38 / 04.06.2024
Kafolatlanmagan korporativ qarzlarni qaytarish O‘zbekiston hukumatining zimmasiga tushib qolishi xavfi bor - S&P
18:14 / 30.04.2024
Anor yetishtirishdan bo‘yoq ishlab chiqarishgacha – davlat tashkilotlarining nosohaviy aktivlari
18:39 / 17.01.2022