Jamiyat | 22:46 / 02.03.2020
11339
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda YPX xodimini urib tan jarohati yetkazgan haydovchiga sud hukmi o‘qildi

Voqea Bulung‘ur tumanida sodir bo‘lgan. YPX xodimi 27 yoshli I.Z. boshqaruvidagi «Damas»ni to‘xtatadi. Haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmaydi. YPX xodimi uni quvib yetib, to‘xtatganida haydovchining sug‘urta polisi yo‘qligi ma'lum bo‘ladi.

Bunday qoidabuzarlik jarimadan tashqari, avtomashinaning jarima maydonchasiga vaqtinchalik joylashtirilishi bilan ham jazolanadi. Biroq, haydovchi I.Z. avval Samarqand viloyat IIB YHXB bo‘linmalari YPX bataloni inspektori Z.E.ning to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmasdan, so‘ngra u baribir to‘xtatilgach, unga sug‘urta polisi yo‘qligi sababli ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgani tushuntirilganiga qaramasdan, evakuator chaqirib avtomashinani jarima maydonchasiga joylashtirish bo‘yicha qilingan xatti-harakatlariga monelik qiladi.

Ish faqat evakuatorga monelik qilish bilan tugamagan. Haydovchi YPX inspektorining ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirishiga ham qarshilik ko‘rsatib, uni haqorat qiladi, so‘ngra yuz qismiga urib, Z.E.ning xizmat burchini bajarishi munosabati bilan sha'ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlaydi va unga yengil, sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan shikast yetkazadi.

Natijada inspektor xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishiga majbur bo‘ladi.

I.Z.ning mazkur xatti-harakatlari yuzasidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi «a» bandi va 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi ochilib, ish sudga oshirilgan.

27 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining sudyasi A.Ahmadov raisligida o‘tgan ochiq sayyor sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglandi, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqildi hamda ishda mavjud bo‘lgan dalillarga baho berildi.

Sud hukmiga ko‘ra, I.Z. Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan ikki moddasi bilan aybli, deb topildi va unga jazolarini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil-u 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid