12:22 / 03.03.2020
0
4823

AQShda xitoylik jurnalistlar soni keskin qisqartirilishi e'lon qilindi

Foto: Global Look Press/imagebroker/Guenter Fischer

AQSh davlat departamenti Xitoy davlat ommaviy axborot vositalarining AQSh hududida ishlashiga ruxsat berilgan  xodimlari soni keskin qisqartirilishini e'lon qildi. Ta'kidlanishicha, ularning soni 160 nafardan 100 nafargacha qisqartiriladi.  

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ushbu chorani AQSh OAV xodimlarining Xitoyda tobora kuchli kuzatuvga olinishi, taqib qilinishi va qo‘rqitilishiga qarshi “javob chora” deb tushuntirdi.

“Maqsadimiz – o‘zaro tenglikdir. AQSh-Xitoy munosabatlarining boshqa sohalaridagi kabi biz anchadan beri teng sharoitlar yaratishga intilamiz. Umid qilamizki, ushbu qadamlar Pekinni Xitoyda bizga va boshqa xorijiy matbuotga o‘zaro manfaatli asosda yanada adolatliroq bo‘lishga undaydi”, deb aytilgan Pompeo bayonotida. 

Avvalroq Pekin AQShda chop etiluvchi Wall Street Journal gazetasining 3 muxbirini gazetada chop etilgan maqolaning kamsituvchi sarlavhasi sababli Xitoydagi akkreditatsiyadan mahrum qilgandi.

AQSh davlat departamenti farmoyishiga muvofiq, 13 mart kunidan Xitoy davlat OAVning AQShdagi xodimlari soni hozirgi 160 nafardan 100 nafargacha kamaytirilishi kerak. 

“Sinxua” axborot agentligiga 59 nafar, China Global Television Network’ga 30 nafar, China Daily gazetasiga 9 nafar va Xitoy xalqaro radiosiga 2 nafar xodimni qoldirishga ruxsat berilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top