Jahon | 10:40
1064
3 daqiqa o‘qiladi

Shtaynmayyer: Yevropa Rossiya va AQShning «shafqatsizlik siyosati»ga o‘z modeli bilan javob berishi kerak

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Yevropa Rossiya va AQSh tomonidan ilgari surilayotgan, uning ta’biri bilan aytganda, «yangi shafqatsizlik ruhi»ga qarshi o‘zining huquq va qoidalarga asoslangan modelini ilgari surishi lozimligini bildirdi. Uning fikricha, Ukrainadagi urush va AQSh tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar Yevropa uchun yangi geosiyosiy voqelikni yuzaga keltirgan.

Foto: REUTERS

Shtaynmayyer ZDF telekanaliga bergan yozgi intervyusida Rossiyaning Ukrainaga bosqini hamda AQShda tashqi siyosat va qadriyatlar borasida yuz bergan o‘zgarishlar Yevropa uchun «ikki karra tarixiy burilish»ni vujudga keltirganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari yirik davlatlar siyosatiga taqlid qilmasligi kerak. Prezident Rossiya va AQSh muayyan muddat xalqaro huquq va qoidalarsiz ham manfaat ko‘rishi mumkinligini, ammo Yevropa bunday yo‘ldan bormasligi lozimligini qayd etdi.

«Bizga xalqaro tartib, huquq va umume’tirof etilgan qoidalar kerak», — dedi Germaniya prezidenti.

Shtaynmayyer shu bilan birga AQSh bilan munosabatlarda pragmatik yondashuvni saqlash tarafdori ekanini bildirdi. Biroq u o‘z chiqishida AQSh prezidenti Donald Tramp nomini tilga olmadi.

Mers hukumati islohotlariga baho berdi

Intervyu davomida Germaniya prezidenti kansler Fridrix Mers boshchiligidagi hukumat koalitsiyasi 2 iyul kuni taqdim etgan keng qamrovli ijtimoiy islohotlar dasturiga ham ijobiy baho berdi.

Uning fikricha, mazkur islohotlar muhim qadam hisoblanadi. Biroq ularning samarasi mamlakat iqtisodiyotida real o‘sish ta’minlangandagina seziladi. Aks holda hukumat aholi ishonchi va hurmatini qayta qozona olmaydi.

Prezident qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishda sabr-toqat va izchillik muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

GuM reytingi haqida

Shtaynmayyer Germaniyaning o‘ta o‘ng qarashdagi «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasi saylovoldi so‘rovlarida yuqori natija ko‘rsatayotgani yuzasidan ham fikr bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, jamoatchilik fikri so‘rovlari hali saylov natijasi emas va vaziyat hal bo‘lib bo‘lgan, deb hisoblashga asos yo‘q.

Prezident markazchi siyosiy partiyalar ekstremistik kuchlarning mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kiritishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi kerakligini aytdi.

Shtaynmayyer, shuningdek, Saksoniya-Anhalt saylovchilari Germaniya umumiy elektoratining atigi uch foizini tashkil etishini qayd etdi. Shunga qaramay, mamlakat sharqida GuM reytingi oshib borayotgani jiddiy e’tibor talab qilishini ta’kidladi.

U sentabr oyida Saksoniya-Anhaltdan tashqari Berlin hamda Meklenburg–Oldingi Pomeraniya yer parlamentlariga ham saylovlar o‘tkazilishini eslatib, bu ovoz berishlar Germaniya demokratiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

«Saylovchilar mamlakatimizning demokratik tizimi saqlanib qoladimi-yo‘qmi, shu haqda qaror qabul qiladi», — dedi Germaniya prezidenti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid