O‘zbekiston | 14:50 / 03.03.2020
2457
11 daqiqa o‘qiladi

Davlat dasturi bajarilishining borishi yuzasidan hukumat hisobotini Oliy Majlisga taqdim etish tartibi tasdiqlanadi

Prezidentning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini Oliy Majlisga taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini Oliy Majlisga taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini tayyorlash va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etish bo‘yicha tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish Vazirlar Mahkamasi apparati tomonidan ta'minlanadi.

Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi hisobot tayyorlanishini va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida ko‘rib chiqilishini hamda Oliy Majlisda himoya qilinishini muvofiqlashtiradi.

Hisobotni Oliy Majlisda ko‘rib chiqish va muhokama qilishda Qonunchilik palatasi va Senatning mas'ul qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar guruhlari hamda Qonunchilik palatasi va Senati bilan o‘zaro munosabatlarni tashkil etish Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili tomonidan ta'minlanadi.

Hisobotni Oliy Majlisga taqdim etish tartibi muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini Oliy Majlisga taqdim etish tartibi

Har yili Davlat dasturi qabul qilinganidan so‘ng Vazirlar Mahkamasi Rayosati birinchi majlisida Davlat dasturi bajarilishining borishini nazorat qilish uchun Vazirlar Mahkamasi apparatining mas'ul tarkibiy bo‘linmasi belgilanadi.

Mas'ul tarkibiy bo‘linma O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda:

doimiy asosda Davlat dasturi bajarilishi holatining tizimli monitoringini olib boradi;

Davlat dasturining tegishli bandlari ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining, zarur hollarda tegishli bandlar ijrosi uchun mas'ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarning hisobotlarini hamda tahliliy, statistik va boshqa materiallarni umumlashtiradi.

Chorak yakunlangandan so‘ng ikki kun muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi – tegishli chorakda Davlat dasturi bajarilishining borishi yuzasidan monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobotni;

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi – hisobot davrida Hukumat tomonidan Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlar, erishilgan eng muhim ko‘rsatkichlar va natijalar yuzasidan tahliliy ma'lumotni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Bosh vazir tomonidan Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining taklifi asosida Bosh vazir o‘rinbosari yoki Bosh vazir maslahatchisi rahbarligida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilgan holda Hisobotni tayyorlash hamda Oliy Majlisga taqdim etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh tuziladi.

Muvofiqlashtiruvchi guruh:

hisobotni tayyorlash va Oliy Majlisga taqdim etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiy bo‘linmalari, vazirlik va idoralarning faoliyatini o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini ta'minlaydi;

hisobotni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan axborot-tahliliy, statistik va boshqa materiallarni vazirlik va idoralardan so‘rab oladi;

ishchi guruh tomonidan hisobotni tayyorlash bo‘yicha ishni samarali tashkil etish yuzasidan zarur choralarni ko‘radi;

hisobotni tayyorlash va Oliy Majlisga taqdim etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar haqida Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga muntazam hisobot berib boradi;

hisobotni hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining hisobot materiallarini tayyorlaydi.

Mas'ul tarkibiy bo‘linma muvofiqlashtiruvchi guruh bilan birgalikda ikki kun muddatda:

a) tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan hisobot va tahliliy ma'lumotni puxta qayta ishlaydi;

b) quyidagilarni o‘z ichiga olgan hujjatlar to‘plamini tayyorlaydi:

Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining kun tartibi va majlis bayoni loyihasi hamda hisobot beruvchilar va taklif etilganlar ro‘yxati (hisobot Vazirlar Mahkamasi Rayosatida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan hollarda);

hisobot loyihasi;

Bosh vazirning hisobot materiallari;

hisobot muhokamasida qatnashuvchilar ro‘yxati;

axborot-tahliliy, statistik va boshqa materiallar.

Hisobot loyihasini tayyorlashda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:

davlat dasturining yo‘nalishlari kesimida hisobot davridagi tadbirlar va ularning ijro etilishi holatining qisqacha tahlili;

davlat dasturida yil davomida amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot davrida bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi tahliliy ma'lumot;

davlat dasturining ijrosi doirasida hisobot davrida qabul qilingan muhim normativ-huquqiy hujjatlar va ularning ahamiyati;

davlat dasturining ijrosi doirasida erishilgan eng muhim ko‘rsatkichlar (jalb etilgan investitsiya hajmi, yaratilgan ish o‘rinlari, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, bu jarayonda jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki kabilar);

davlat dasturining ijrosi doirasida hududlarni kompleks rivojlantirish hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning tahlili;

davlat dasturining ijrosi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan takliflar;

davlat dasturining ijrosiga oid iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga oid aniq misollar tahlili va boshqalar.

Hisobot loyihasi va hujjatlar to‘plami muvofiqlashtiruvchi guruh hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmalari tomonidan uch kun muddatda:

Bosh vazirning tegishli o‘rinbosarlari va maslahatchilari huzurida belgilangan tartibda muhokama qilinadi;

Bosh vazirning o‘rinbosarlari va maslahatchilari bilan kelishilgan hujjatlar to‘plami Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan kelishiladi;

hisobot loyihasi va hujjatlar to‘plamini Bosh vazir o‘rinbosarlari, Bosh vazir maslahatchilari hamda Apparat boshqaruvchisi o‘rinbosari tomonidan bildirilgan e'tirozlardan kelib chiqib puxta qayta ishlanadi.

Muvofiqlashtiruvchi guruh ikki kun muddatda hisobot loyihasi va hujjatlar to‘plamini keyinchalik Bosh vazirga kiritish uchun Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga taqdim etadi va himoya qiladi.

Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi hisobot loyihasi va hujjatlar to‘plami bo‘yicha Bosh vazirga axborot beradi.

Alohida hollarda Vazirlar Mahkamasi rahbariyatining topshirig‘iga binoan, hisobot loyihasi Vazirlar Mahkamasining Rayosatida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Mas'ul tarkibiy bo‘linma, muvofiqlashtiruvchi guruh hisobot Vazirlar Mahkamasi Rayosatida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan hollarda:

hisobot loyihasini Vazirlar Mahkamasining Rayosatida ko‘rib chiqish uchun kiritadi;

Vazirlar Mahkamasining Rayosatining yakunlari bo‘yicha hisobot loyihasi va hujjatlar to‘plamini bir kun muddatda bildirilgan e'tirozlardan kelib chiqib puxta qayta ishlanishini ta'minlaydi.

Hisobot puxta qayta ishlanganidan so‘ng bir kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatiga taqdim etiladi.

Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmalari Apparat boshqaruvchisi o‘rinbosari bilan birgalikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati bilan hisobotni muhokama qilishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari bo‘yicha barvaqt ishlashni tashkillashtiradi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati bilan kelishgan holda hisobotni Qonunchilik palatasining fraksiyalari, deputatlar guruhlari, qo‘mitalarida, Senat qo‘mitalarida hamda palatalarning yalpi majlislarida muhokama qilish bo‘yicha reja-grafik tayyorlanadi.

Hisobotni Qonunchilik palatasining fraksiyalari, deputatlar guruhlari, qo‘mitalarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqishda davlat dasturining tegishli bandlari bo‘yicha mas'ul vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda o‘z vaqtida ishtirok etishlari shart.

Zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshirig‘iga muvofiq, Hukumat a'zolarining muhokamalarda o‘z vaqtida va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda ishtirok etishini ta'minlash maqsadida Bosh vazirning alohida topshirig‘i tayyorlanishi mumkin.

Mas'ul tarkibiy bo‘linma Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmalari hamda Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili bilan birgalikda hisobotni Qonunchilik palatasining fraksiyalari, deputatlar guruhlari, qo‘mitalarida, hisobotni Senatning qo‘mitalarida, Oliy Majlis palatalarining yalpi majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqishda Davlat dasturining tegishli bandlari bo‘yicha mas'ul bo‘lgan vazirlar va davlat qo‘mitalari raislarining ishtirokini tashkillashtiradi.

Hisobotni Qonunchilik palatasi va Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqilishida Bosh vazir, Bosh vazirning o‘rinbosarlari, Bosh vazirning maslahatchilari hamda tegishli Hukumat a'zolari ishtirok etadilar.

 Hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Qonunchilik palatasi va Senat qarorlari ijrosi ustidan nazorat

 Hisobotni muhokama qilish natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Vazirlar Mahkamasi Rayosatida axborot beradi.

Hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Qonunchilik palatasi va Senat qabul qilgan qarorlar ijrosi ustidan nazorat Vazirlar Mahkamasi apparati tomonidan amalga oshiriladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari, Bosh vazir maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasi apparatining mas'ul tarkibiy bo‘linmalari Qonunchilik palatasi va Senat qabul qilgan qarorlar bajarilishining tizimli nazorati va tahlilini ta'minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi apparatining Nazorat va ijro intizomi bo‘limi tomonidan tizimli asosda Qonunchilik palatasi va Senat qabul qilgan qarorlar bajarilishi jarayonining monitoringi amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid