Toshkent viloyat hokimligi Ohangarondagi hashar yuzasidan izoh berdi
2020 yil 4 mart kuni Kun.uz saytida «Toshkent viloyat hokimligiga savol: yakshanba dam olish kunimi yo hashar?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda joriy yilning 1 mart kuni, dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, Toshkent-Olmaliq yo‘li, shuningdek, Ohangaron shahrida obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari yo‘lning ikki yonida yer ag‘darish, daraxtlar va yo‘l chetlaridagi beton ustunchalar, to‘siqchalarni oqlash, ko‘chat o‘tqazish kabi ishlarni bajarayotgani haqida xabar qilingan edi.
Unda, shuningdek, O‘zR Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi, dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkinligi eslatilgan hamda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat hokimligi munosabatini kutilayotgani ta'kidlangan edi.
Qayd etish o‘rinliki, viloyat hokimligi Axborot xizmatining mazkur masala bo‘yicha munosabati uzoq kuttirmadi. Rasmiy munosabatda, jumladan shunday deyiladi:
«Bugun, 2020 yilning 4 mart kuni “Kun.uz” saytida yuqoridagi sarlavha ostida tanqidiy material e'lon qilindi. Unda joriy yilning 1 mart kuni, dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, Toshkent-Olmaliq yo‘li, shuningdek, Ohangaron shahrida obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari yo‘lning ikki yonida yer ag‘darish, daraxtlar va yo‘l chetlaridagi beton ustunchalar, to‘siqchalarni oqlash, ko‘chat o‘tqazish kabi ishlarni bajarishayotgani tanqid ostiga olingan.
Ushbu masala yuzasidan shuni ma'lum qilamizki, haqiqatan ham Toshkent viloyatining Ohangaron shahri hududidagi “Ohangaron-Angren” trassasi bo‘ylab obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida barcha tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalariga boshqarma boshliqlari rahbarligida ishchilarni o‘z roziligi bilan safarbar etish bo‘yicha xabarnoma berilgan.
Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining 2020 yil 28 fevraldagi 1-1/11-son buyrug‘i qabul qilingan. Buyruqda obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari Ohangaron shahriga safarbar etilishi munosabati bilan ularning 2020 yil 1 martdagi dam olish kuni 2020 yilning 6 mart kuniga ko‘chirilishi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 130-moddasiga asosan, ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yilishi belgilangan.
Mazkur kodeksning 157-moddasida esa bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkinligi, bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanishi belgilangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, obodonlashtirish boshqarmalari xodimlarining o‘z roziligi bilan ularning dam olish kunlarini boshqa kunga ko‘chirish hamda ularga bir hissa ish haqi to‘lash boshqarma boshlig‘ining buyrug‘ida aks etgan bo‘lib, xodimlarning mehnat huquqlariga putur yetmagan.
Biz “Kun.uz” sayti jurnalistlarining fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mazkur sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, maqolaga o‘z munosabatimizni bildiramiz. Bu borada hamisha hamkorlikka tayyormiz».
Mavzuga oid
14:12 / 15.11.2024
Dilshod Sultonov shahar hokimligidan ham ketdi
08:14 / 14.11.2024
Toshkent viloyatida “zakladchiklar” qo‘lga olindi
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024