Saida Mirziyoyeva: «Odam gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak»
Samarqandda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo sudyalar muloqotida ishtirok etgan Saida Mirziyoyeva so‘z erkinligini ta'minlashning naqadar muhimligi haqida gapirdi.
Samarqandda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashabbusi bilan II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov, fond vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir va boshqa ko‘plab ekspertlar qatnashdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Saida Mirziyoyeva so‘z erkinligini ta'minlashning naqadar muhimligi haqida gapirdi.
«Mamlakatimizda so‘z erkinligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro maydonda tan olinishi isboti sifatida Markaziy Osiyo sudyalar muloqotining navbatdagi raundini yurtimizda qabul qilish biz uchun sharaf. Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik siyosati sabab mamlakat ko‘z o‘ngimizda rivojlanmoqda. Davlat tashkilotlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar qanday o‘zgarayotganini, voqealar jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo‘layotganini ko‘ryapmiz.
OAV haqiqiy to‘rtinchi hokimiyatga aylanib, odamlar siyosatga, davlat boshqaruviga qiziqa boshladi. Asosiysi, ular o‘z tanqidiy fikrlarini qo‘rqmay, ochiqchasiga ayta olishmoqda. OAV davlat boshqaruv ustidan jamoatchilik nazoratining bayroqdoriga aylandi va bu jarayon to‘xtab qolgani yo‘q. Mamlakatda cheklangan mavzular kamayib, jurnalistlar ularni himoya qiladigan qonunlarga faol murojaat qilishmoqda.
Avval kamera yoki diktofon ko‘targan odamni hech qanday sababsiz biror yerga kiritmaslik mumkin bo‘lsa, hozir jurnalistik faoliyatga qarshilik ko‘rsatish uchun jiddiy dalillar kerak. OAV sud jarayonida ovoz va video yozadigan uskunalardan foydalanish huquqini talab qilib bunga erishdi. Jurnalistlar rahbarlardan qilgan ishlari yuzasidan hisob so‘rashni o‘rgandi.
Shu o‘rinda axborot makonini nazorat qiladigan qonunlar 10-15 yillab o‘zgarmaganini aytmoqchiman. Bu qonunlarning aksarida eskicha fikrlar mavjud va ular ishlatilmay ketgan. Masalan, Jinoyat kodeksining 144-moddasida «o‘z fikrini bildirgan va tanqidiy chiqish qilgan odamni ta'qib qilish taqiqlangani» haqida gapirilgan, ammo bu qonun ko‘pchilikning esiga ham kelmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, odam gapirgan gapi uchun qamalishi kerak emas. Ha, qonunlar doim ham rivojlanish bilan hamqadam bo‘la olmaydi.
Jinoyat kodeksining 139 va 140-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi tuzilganini eslatmoqchiman. Bu loyihada tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini cheklash nazarda tutilgan. Shuningdek, unga ko‘ra belgilangan jarima miqdori ham kamaytiriladi. Jurnalist qamalishidan qo‘rqmay xato qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
Qonun loyihasida Jinoyat kodeksining 327-moddasiga «internetdagi axborot manbalari» degan qo‘shimcha kiritish ham ko‘zda tutilgan. Ya'ni, huquqni muhofaza qiluvchi organlar biror masala yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun nafaqat OAVda chiqqan ma'lumot, balki ijtimoiy tarmoqda, messenjerlarda e'lon qilingan ma'lumotlarga ham e'tibor berishga undalgan.
Internetda jinoyat alomatlari xabar qilingan har qanday ma'lumotdan so‘ng mas'ul organlar bu fakt yuzasidan surishtiruv o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Albatta, ma'lumotni e'lon qilgan nashr o‘z manbasini yashirish huquqiga ega bo‘lish normasi saqlanib qoladi.
Bu qonun loyihasini ishlab chiqarishda nafaqat yuristlar, balki jurnalistlar va blogerlar qantashishi mumkin. Hammangizga bizning ochiq va adolatli kelajagimizga o‘z hissangizni qo‘shganingiz uchun rahmat aytaman, bu tarixiy jarayonda biz bilan birga ekaningizdan xursandman», deya Saida Mirziyoyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
02:08 / 24.12.2024
Saida Mirziyoyeva: «Kelgusi yil uchun belgilangan vazifalar ko‘lami juda keng»
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
19:14 / 12.12.2024