Jahon | 01:39 / 05.03.2020
22129
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Gretsiya chegarasidagi migrantlar (fotogalereya)

O‘tgan haftada Turkiya migrantlarning yangi to‘lqinini tutib tura olmasligini bildirib, qochqinlar uchun YeI bilan chegaralarini ochib yuborganini ma'lum qildi. Shundan so‘ng minglab migrantlar Yevropaga o‘tish ilinjida Gretsiya chegarasiga yopirildi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Yevropa 2015 yilgi migratsion inqiroz takrorlanishidan cho‘chimoqda. O‘shanda YeI va Turkiya o‘rtasida tuzilgan qochqinlar bo‘yicha kelishuv vaziyatni qutqarib qolgandi. Hujjat imzolanganidan so‘ng Gretsiyaga o‘tadigan migrantlar soni sezilarli kamaygandi.

Foto: AP/TASS

Turkiya va Gretsiya chegarasini kesib o‘tgan migrantlar soni 135,8 ming kishiga yaqinlashdi. Chorshanba kuni Gretsiya chegarasiga 15 mingga yaqin migrant to‘plandi. Chegarani kesib o‘tishga bo‘lgan 28 mingta urinishning oldi olindi, Gretsiya hududiga o‘tgan 220 kishi qo‘lga olindi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Gretsiya politsiyasi migrantlarga  qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va yorug‘lik-shovqinli granatalarni qo‘llamoqda.

Foto: AP/TASS

Gretsiya hukumati Turkiya politsiyasi ham ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanayotganini, uni chegaraning bu tarafida turgan gretsiyalik hamkasblariga qarshi qo‘llayotganini ma'lum qildi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen va Yevroparlament raisi David Sassoli Yevrokengash raisi Sharl Mishel bilan birga Gretsiya-Turkiya chegarasiga tashrif buyurdi. U Gretsiyaga 700 mln yevro miqdorida yordam ajratilishini, 350 mln yevro zudlik bilan ajratilishini bildirdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Avstriya kansleri Sebastyan Kurs Turkiyani "YeIga hujum" qilishda aybladi. Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Turkiya migrantlar muammosidan o‘z geosiyosiy maqsadlariga erishish uchun foydalanayotganini aytdi.

Foto: AP/TASS

O‘z navbatida Rajab Toyyib Erdo‘g‘an YeIni inson huquqlari bo‘yicha deklaratsiyaga muvofiq harakat qilish hamda qochqinlar va migrantlar huquqlarini himoya qilishga chaqirdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Turkiya prezidenti greklar migrantlar oqimini to‘xtatish uchun keskin choralarga qo‘l urayotganini ta'kidladi. 

"Qochqinlar bo‘lgan kemalarni cho‘ktirishmoqda, odamlarga qarata o‘q uzishmoqda, ularni o‘ldirishmoqda. Afina vaqti kelib ularning yordamiga muhtoj bo‘lib qolishini unutmasligi lozim", - dedi Erdo‘g‘an.

Foto: AP/TASS

Erdo‘g‘an Suriyaning Idlib provinsiyasida aviazarbalar natijasida 30 nafar turk harbiysi halok bo‘lganidan so‘ng chegarani ochishga qaror qildi.

Foto: AP/TASS

Qochqinlar Gretsiya hududiga quruqlik va Meritsa daryosi orqali o‘tishga urinmoqda.

Foto: Zuma/TASS

Turkiyada 3,7 mln nafarga yaqin suriyalik qochqinlar bor, ularning 44 foizga yaqini – bolalar. Anqara noqonuniy migrantlar oqimini boshqara olmasligini ma'lum qildi.

Foto: Zuma/TASS

YeIning ichki ishlar bo‘yicha favqulodda kengashi chorshanba kuni kechqurun migrantlar oqimi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilish uchun yig‘iladi.

Mavzuga oid