Jahon | 21:56 / 06.03.2020
4459
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyaning taxtdan voz kechgan sobiq qiroli tadbirkorga tahdid qilishda ayblanishi mumkin 

Germaniyalik tadbirkor ayol Korinna tsu Sayn-Vitgenshteyn London sudida 2014 yilda Ispaniya qirolligi taxtidan voz kechgan Xuan Karlos I’ni tahdid qilishda ayblamoqchi. Bu haqda Europa Press agentligi xabar berdi.

Xuan Karlos I Foto: Reuters

Xabarda aytilishicha, 2012 yilda, uning Xuan Karlos I bilan ehtimoliy munosabatlari to‘g‘risida xabarlar tarqalganidan so‘ng ayolga nisbatan tahdidlar bo‘lgan. Sayn-Vitgenshteyndan o‘zi bilishi mumkin bo‘lgan davlat sirlarini oshkor etmaslik talab qilingan. Tadbirkor milliy razvedka markazining sobiq direktori Feliks Sans Roldanni ham sudga bermoqchi.

Avvalroq Sayn-Vitgenshteynga tegishli ekanligi aytilgan audioyozuv paydo bo‘lgandi. Uni 2015 yilda sobiq politsiya inspektori Xose Manuel Vilarexa yozib olganligi taxmin qilingan. Audioyozuvda tadbirkor taxtdan voz kechgan qirol undan o‘zining xorijdagi mulklarini yashirish uchun foydalanganini aytadi.  

Okdiario gazetasining qayd etishicha, Sayn-Vitgenshteynning so‘zlariga ko‘ra, Xuan Karlos I Makka-Madina yo‘nalishidagi tezyurar poyezd yo‘lini qurish bo‘yicha shartnoma Ispaniya kompaniyalari konsorsiumiga tegishi uchun Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarda vositachilik qilish evaziga haq olishga uringan.

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid