O‘zbekiston | 18:55 / 06.03.2020
13521
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir koronavirusga qarshi kurashda fidoyilik ko‘rsatgan shifokor ayollarni ko‘krak nishoni bilan taqdirladi

Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Sog‘liqni saqlash vazirligida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda o‘z mehnati bilan tibbiyot tizimida alohida faollik ko‘rsatib, o‘z kasbini ulug‘lab kelayotgan  bir guruh xotin-qizlar ishtirok etishdi.

Tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ishtirok etib, barcha ayollarni, shu jumladan, ayol tibbiyot xodimlarini Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qutladi.

«Tantanali marosimda qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fan, ta'lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san'at sohalarida mehnat qilayotganlarning 72 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimida ishlayotgan mutaxassislarning 75 foizi xotin-qizlardan iborat. Shunisi e'tiborliki, tibbiyot sohasida faoliyat  yuritayotgan ayollarimiz orasida O‘zbekiston Qahramonlari, Senat a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, akademiklar, fan doktorlari va nomzodlari, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari va tuman hokimlari ham bor.

E'tiborli tomoni, koronavirus infeksiyasi tufayli xorijiy davlatlarda kuzatilayotgan bugungi murakkab epidemiologik vaziyatda ushbu kasallik o‘chog‘iga borib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, hamyurtlarimizni olib kelgan fidoyi tibbiyot xodimlari safida shifokor ayollarimiz ham bor. Karantinda bo‘lgan fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, koronavirus infeksiyasining yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda, tezkor profilaktik chora-tadbirlar ko‘rishda alohida faollik ko‘rsatgan bir guruh shifokor ayollarimizga Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a'lochisi» ko‘krak nishonini tantanali ravishda topshirdi.

Darhaqiqat, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida tibbiyot tizimini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasining turli bo‘g‘inida ishlayotgan tibbiyot xodimlarini, ayniqsa, xotin-qizlarni  har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib mehnat qilishlari uchun qulay sharoitlar yaratish doimiy e'tibordagi masaladir. Aholi orasiga chuqur kirib borib, oilalarga tibbiy ma'rifat tarqatayotgan, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilib, xalqimiz salomatligi yo‘lida jon kuydirayotgan, eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham muvaffaqiyatli o‘tkazayotgan shifokor-u hamshiralar mehnatini har qancha e'tirof etsak arziydi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

 
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid