Jahon | 23:32 / 11.03.2020
12999
1 daqiqa o‘qiladi

Hollivud prodyuseri Xarvi Vaynshteyn 23 yilga ozodlikdan mahrum etildi 

Hollivudning nufuzli prodyuserlaridan biri, 67 yoshli Xarvi Vaynshteyn jinsiy tegajog‘lik va nomusga tegish ayblovlari bo‘yicha 23 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: Reuters

Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, Vaynshteyn Nyu-York shtati turmasiga jo‘natilgan. 

Fevral oxirida hukm chiqaruvchilar hay'ati uni jinsiy ko‘rinishdagi jinoiy harakatlarda va uchinchi darajali nomusga tegishda aybdor deb topishgan. AQShda jinsiy ko‘rinishdagi jinoiy harakatlar uchun beriladigan maksimal jazo 25 yillik qamoq jazosini, uchinchi darajali nomusga tegish uchun 5 yillik qamoq jazosini tashkil qiladi.   

Hukm chiqaruvchilar prodyuser “Podium loyihasi”da ishtirok etgan Miriam Xeyliga nisbatan jinsiy ko‘rinishdagi harakatlarni amalga oshirgani haqidagi xulosaga kelishgan.

Bundan tashqari, Vanshteynni tegajog‘liklarda Hollivudning taniqli aktrisalari, jumladan Anjyelina Joli, Uma Turman, Gvinet Peltrou, Eshli Jadd va boshqalar ayblagan. Vanshteyn atrofidagi mojaro 2017 yilda avj olgach, u o‘zi asos solgan kompaniyadan bo‘shatilgan.

Mavzuga oid