DXMlardagi tezkor xizmatlar uchun alohida tariflar to‘g‘risida izoh berildi
So‘nggi kunlarda davlat xizmatlari markazlarida tezkor xizmatlar uchun alohida tariflar belgilanganligi, ma'lumotlar davlat tilida berilmayotgani va boshqa shu kabi xabarlar turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shuni e'tiborga olib davlat xizmatlari markazlari qanday ishlashi va nima hisobidan moliyalashtirilishini, shuningdek, u yerda yuzaga kelayotgan muammolarning sabablarini oydinlashtirish maqsadga muvofiq.
DXMlar nima uchun kerak?
DXMlar 2017 yil 12 dekabrdagi Prezident Farmoni bilan tashkil etilgan bo‘lib, bundan quyidagi asosiy maqsadlar ko‘zda tutilgan:
a) davlat xizmatlari ko‘rsatishni qulaylashtirish, optimallashtirish, samaradorligini oshirish;
b) raqamli texnologiyalar yordamida zamonaviy ishlashga o‘tish va korrupsiya omillarini yo‘qqa chiqarish;
v) elektron tizim vositasida shaffoflik va tezkorlikni ta'minlash.
DXMlar qanday ishlaydi?
Dunyoda keng yoyilgan ushbu tizim qaysidir mamlakatlarda mustaqil tuzilma, ayrimlarida u yoki bu davlat organi tarkibida faoliyat yuritadi. Shuningdek, davlat xizmatlarini faqat DXMlar orqali yoki aralash (DXM + an'anaviy real hujjat aylanishi) tarzida ko‘rsatish variantlari ham jahon tajribasida uchrab turadi. O‘zbekistonda davlat xizmatlari faqat DXMlar orqali ko‘rsatiladi (belgilangan xizmat turlari).
DXMlar turli tashkilotlar va idoralarning elektron axborot bazalariga ulanadi va ularda bor ma'lumotlarni tezkor, hech o‘zgarishsiz, qalbakilashtirishlarga yo‘l qo‘ymagan holda fuqarolarga taqdim qiladi. Bunda tizim ma'lumotlarning mazmuni, tili va sifatiga aralashmaydi, axborotni bazada qanday bo‘lsa, shunday chiqarib beradi.
DXMlar davlat budjetidan moliyalashtiriladimi?
Yo‘q. DXMlar o‘zini o‘zi ta'minlovchi tashkilot bo‘lib, davlat budjetidan moliyalashtirilmaydi.
Nega ayrim to‘lovlar qimmat?
Bugungi kunda DXMlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning 58 foizi bepul, faqat 42 foizigina pullikdir.
Ayrim xizmat turlari uchun fuqaro ma'lum miqdorda to‘lov to‘lashi mumkin. Masalan, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat nostrifikatsiyasi uchun BHMning 3 baravari (669 ming so‘m) to‘lanadi, bundan DXMlar hisobiga ushbu summaning 20 foizigina tushadi. Milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunaga almashtirish uchun esa BHMning 70 foizi (156 100 so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi va bu summadan ko‘rsatilgan xizmat uchun hech qanday foiz olinmaydi.
Nima uchun navbat katta?
2017 yilgacha Yagona darcha tarzida faqat tadbirkorlarga bor-yo‘g‘i 17 ta xizmat turini ko‘rsatgan tuzilma ikki yilda 130 ta xizmat turi ko‘rsatuvchi katta tizimga aylandi. Ammo xodimlar soni hamon o‘zgarmagan. Ya'ni mavjud 201 ta DXM da 2017 yilgacha 1500 nafar operator ishlagan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich hozir ham o‘zgarishsiz turibdi. Ish hajmi esa yetti-sakkiz barobar oshgan. Bir kunda (09.03.2020 holatiga ko‘ra) respublika bo‘yicha qariyb 60 ming kishi DXMlarga ariza qoldiradi. Bir operator 1 kunda o‘rtacha 40 ta fuqaroga xizmat ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, DXMlar soni aholi jon boshiga hisoblaganda ancha kam. Hozirda 201 ta markaz faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, joriy yilda yana 100 ta shunday markazlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Solishtirish uchun: aholisi O‘zbekistondan ikki barobarga kam (17 mln) Niderlandiyada 352 ta DXM mavjud va ularda 600 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Ushbu faktning o‘ziyoq bizda hali ko‘plab DXMlarga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatadi.
So‘nggi ikki yilda DXM operatorlari, dasturchilari, menejyerlari va boshqa personallari oldiga katta vazifa qo‘yildi. Ya'ni ilgari 17 ta xizmatni ko‘rsatib kelgan xodimlar birdaniga 130 ta xizmat turini tezkor ko‘rsatishga o‘rganishi, ya'ni shuncha yo‘nalishni birdek o‘zlashtirib, o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi lozim bo‘ldi. Buning uchun yetarli tajriba va biroz vaqt kerak.
Davlat xizmatlari agentligi ushbu muammolarni muntazam aniqlab, bartaraf etish choralari ustida amaliy harakatlar qilmoqda. Masalan, kassalarga navbatlarni qisqartirish uchun elektron to‘lov tizimlari joriy etilgan. Shuningdek, elektron raqamli imzosi bor fuqarolar kerakli xizmatlarni masofadan (masalan, uydan, ofisdan va h.k.) turib yoki DXMlardagi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish nuqtalarida yagona interaktiv portal (my.gov.uz) orqali olishlari mumkin. Bunda ularga DXMdagi xodimlar maslahat va yordam berishadi. Biroq ko‘pchilik fuqarolar ushbu usullardan bexabar yoki foydalanishni bilmaydilar/istamaydilar.
Bundan tashqari, xodimlarning malakasini oshirish uchun muntazam ravishda turli treninglar tashkil etiladi. Ularni mehnatga yarasha rag‘batlantirish maqsadida faoliyatini individual baholash tizimi joriy etilgan.
DXMlardagi uzun navbatlar soha rivojlanib borishi ortidan yaqin kelajakda ijobiy yechim topadigan masaladir.
Tezkor xizmat ko‘rsatish uchun alohida tariflar nimaga kerak?
Davlat xizmatlari markazida navbat kutuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yangi qurilgan markazlarda keng, qulay, konditsionerli zallar, yumshoq hududlar, bolalar maydonchasi, kutubxona va kafeteriylar mavjud. Barcha markazlarni bosqichma-bosqich shunday rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan va amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarga xizmatlarni alohida tariflar orqali tezkor ko‘rsatish ham taklif etiladi. Buning bir qancha sabablari bor.
Birinchi, navbatlarni tezlashtirish yoki aylanib o‘tish uchun turli korrupsion tuynuklar qidirishga barham beradi. Chunki ishi tez bitishi kerak bo‘lgan odam navbatga turmaslik, belgilangan muddatgacha kutmaslik uchun turli aylanma yo‘llarni qidiradi, shunda korrupsiya va qonunbuzarliklar riski ortadi.
Ikkinchi, tezkor xizmat ko‘rsatuvchi xodim, uning ish jihozlari va faoliyati uchun zarur boshqa vositalar DXMlar budjetiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushadi va ular qaysidir mablag‘lar hisobiga moliyalashtirilishi kerak.
Uchinchi, ushbu xizmatlar umumiy xizmat ko‘rsatish jarayoniga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi, ya'ni umumiy navbatda turgan mijozlarning navbat tartibi bu bilan o‘zgarmaydi.
To‘rtinchi, alohida tarif asosida tezkor xizmat ko‘rsatuvchi xodim bo‘sh qolsa, umumiy tartibda navbatda turgan mijozlarga ham xizmat ko‘rsatishi mumkin, bu esa navbatlarning kamayishiga olib keladi.
Beshinchi, bu tizim jahonda keng qo‘llaniladi va o‘z samaradorligini isbotlagan. Masalan, Niderlandiyada yo‘qolgan pasportni odatdagi tartibda tiklash 74 yevro, tezkor tartibda tiklash esa 124 yevroga tushadi.
Oltinchi, ushbu turdagi xizmatdan kelib tushgan mablag‘ DXMlar faoliyatini rivojlantirishga sarflanadi. Chunki mazkur tizim axborot texnologiyalari va zamonaviy texnika yangiliklarini muntazam va jadal ravishda joriy etish hamda kadrlar malakasini doimiy ravishda oshirib borishni taqozo qiladi, bu esa katta mablag‘ni talab etadi.
Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish qariyb 30 yillik tarixga ega. Niderlandiyada 1994, Avstraliyada 1997, Kanadada 2005 yillarda joriy etilgan ushbu tizim O‘zbekistonda endigina ikki yoshni qarshiladi. Tizim bugungi kunda shakllanish va rivojlanish jarayonini boshidan kechirmoqda. Shunga qaramay, u zamon shiddatiga hamohang tarzda tezkor rivojlanyapti. Bu jarayonga Davlat xizmatlari agentligi va butun tizim xodimlari jiddiy safarbar etilgan.
Davlat xizmatlari agentligi
jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Mavzuga oid
18:35 / 18.07.2024
1 avgustdan avtomobil davlat raqamlarini berish tartibi o‘zgaradi
11:16 / 11.07.2024
Bolalarni bog‘chaga joylashtirish soddalashtirildi
10:48 / 11.04.2024
17 ta turdagi xulosalar DXM va YaIDXP orqali beriladi
12:45 / 15.03.2024