O‘zbekiston | 18:15 / 12.03.2020
6154
10 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning birinchi kansleri nomidagi siyosiy fond vakillari Termizda bo‘lishdi

Foto: KUN.UZ

9-10 mart kunlari Germaniyaning Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi siyosiy fondlarining mintaqaviy idoralari rahbarlari Ronni Xayne hamda Kristof Mor Termiz shahriga tashrif buyurdi.

Fredrix Ebert nomidagi fond sotsial-demokratik partiya bilan bog‘liq Germaniyaning siyosiy fondi hisoblanadi. Fond 1925 yil Germaniyaning demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi prezidenti Fridrix Ebert siyosiy merosi sifatida tashkil etilgan.

Konrad Adenauer nomidagi fond esa xristian-demokratik ittifoqi partiyasi bilan bog‘liq. U 1955 yilda tashkil etilgan va 1964 yildan buyon Germaniyaning birinchi kansleri nomi bilan ataladi. Fond siyosiy ta'lim, Yevropada integratsiyani qo‘llab-quvvatlash, san'at va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanadi.

Ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkillashtirildi.  Germaniyalik mutaxassislarga institut direktori o‘rinbosari Akramjon Ne'matov, institutning ilmiy xodimi Muhriddin Xolbekov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev, TIVning Osiyo va Afrika boshqarmasi birinchi kotibi Aslan Akbarov, shuningdek Konrad Adenauer fondi koordinatori Ashraf Aliqulovlar hamrohlik qilishdi. Tashrif avvalida germaniyalik mehmonlar Termizda faoliyat yuritayotgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi bilan tanishishdi.

Ushbu markaz 2018 yil yanvarda ochilgan bo‘lib, unda afg‘on yoshlari uchun oliy ta'limning 19 yo‘nalishi va o‘rta-maxsus kasbiy ta'limning 18 yo‘nalishi bo‘yicha ta'lim olish imkoniyatlari yaratilgan.

Bugunga qadar markazda 136 nafar afg‘on talabalari tahsil olgan. Ulardan 96 nafari o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bakalavr darajasini olgan bo‘lsa, yana 40 nafari rus tili, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tadbirkorlik bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda malaka oshirdi. Hozirgi kunda afg‘onistonlik yoshlarni o‘qitish markazida o‘zbek tili va adabiyoti, akusherlik va hamshiralik ishi, quruqlikdagi transport tizimi va ulardan foydalanish bo‘yicha 172 nafar talaba o‘qimoqda. Ulardan 46 nafari qizlar.

Bundan tashqari, Afg‘onistonning ehtiyojidan kelib chiqqan holda chet ellik hamkorlar bilan birgalikda qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Xususan Xitoy bilan Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlarini o‘qitish, AQSh bilan afg‘on muhandislarining yo‘l qurilishi va undan foydalanish hamda Afg‘oniston politsiyasi xodimlarini narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish buyicha malakasini oshirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Yevropa Ittifoqi mamalakatlari, xususan Germaniyaning moliyaviy ko‘magi asosida afg‘onistonlik yoshlarni tibbiyot sohasi bo‘yicha ta'lim markazida o‘qitish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Germaniya ushbu maqsadlar uchun 17,5 million yevro ajratdi.

Germaniyalik mehmonlar O‘zbekistonning Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan ijtimoiy-iqtisodiy ko‘mak berish borasida olib borayotgan ishlarini yuqori baholab, ushbu sohada o‘zaro hamkorlikni o‘rnatishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. Fridrix Ebert fondi vakili Kristof Morning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda davom etayotgan ko‘p yillik urush Germaniyada ham bu mamlakatga nisbatan doimiy tahdid manbai sifatida bir tomonlama qarashni va ushbu mamlakatdagi mojaroni hal etish bo‘yicha dunyo hamjamiyatining sa'y-harakatlari befoyda degan fikrni shakllantirgan.

Janob Mor ushbu tashrif davomida Afg‘onistonni boshqa bir bir ijobiy tomondan ko‘rish imkoniyatiga muyassar bo‘lganini alohida ta'kidladi: «Ta'lim markazidagi afg‘on talabalari bilan suhbat chog‘ida biz afg‘on yoshlari bilim olishga intilishini, Afg‘onistonda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta'minlashda munosib hissa qo‘shishga tayyorligini ko‘rdik. Bu Afg‘onistonning tinch kelajagiga umid uyg‘otadi».

Shundan so‘ng mehmonlar uchun «Termiz-Kargo» xalqaro logistika markazi hamda «Termiz-Hayraton» xalqaro nazorat punkti faoliyati va salohiyatining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda ma'lumot berilishicha, oxirgi yillarda Afg‘oniston bilan xamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, 2015 yil bilan taqqoslaganda 2019 yil oxirida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi 28,2% oshdi va 617,6 million dollarni tashkil etdi.

Ushbu davrda O‘zbekistonning Afg‘onistonga eksport hajmi 444,4 milliondan 614,7 million dollarga ko‘tarildi. Afg‘oniston tovar va xizmatlarining o‘zbek bozoriga importi ham sezilarli (5 baravar) oshdi va 600 ming dollardan 3 million dollargacha ko‘tarildi.

Shu bilan birga O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan tovarlarning turlari kengaydi. Ilgari Afg‘onistondan import asosan transport xizmatlari hisobiga shakllangan (95%). Bugungi kunda qo‘shni yurtdan O‘zbekiston bozoriga oziq-ovqat mahsulotlari, daraxt ko‘chatlari va o‘simliklar, mo‘yna xomashyolari, mexanik uskunalar, qurilish materiallari, chorva mollari (noyob turdagi qo‘y va echkilar) kirib kelmoqda.

«Termiz Kargo» Termizdagi Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan yirik logistika terminali hisoblanadi. Yuklarni tashish markazi ikki mamlakat o‘rtasida eksport-import va tranzit yuklar oqimini kengaytirishga va tovarlarni Yevropa va Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi. Uning tashkil etilishi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Taqdimotda aytilishicha, hozirgi kunda Germaniya Afg‘onistonning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, bu mamlakat uchun Yaponiya va AQShdan keyingi eng yirik donor sanaladi. Germaniyaning Afg‘onistonga yillik ko‘magi 500 million yevro atrofida bo‘lib, 2001 yildan shu kunga qadar bu davlat Afg‘onistonni tiklash uchun 4 milliard yevroga yaqin mablag‘ ajratgan. Bundan tashqari, Germaniya Afg‘onistonning shimoliy hududlarida harbiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga katta hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston va Germaniya Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha umumiy qarashlarga ega. Xususan, GFR O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi o‘z sa'y-harakatlarini amalga oshirishda Germaniya bilan yaqindan xamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Afg‘onistondagi mojaroni hal qilish masalalari 2019 yilda Shavkat Mirziyoyevning Germaniya kansleri Angela Merkel bilan Berlinda, shuningdek, mamlakat prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarida muhokama qilindi.

Konrad Adenauer fondi vakili Ronni Xaynening so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda tinchlikka erishishdan Germaniya va O‘zbekiston manfaatdor. Har ikki tomon Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonidagi o‘zaro hamkorlikni jadallashtirib, yosh mutaxassislarni tayyorlashda ishtirok etishlari mumkin.

Germaniyalik mehmonlarga hamrohlik qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne'matov Afg‘onistonda transport, energetika, savdo, investitsiya va ta'lim sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishda mintaqadagi va dunyodagi yetakchi davlatlarning sa'y-harakatlarini birlashtirish Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka qisqa muddatda erishishning zaruriy sharti ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Tashrif davomida germaniyalik mehmonlar bilan Afg‘oniston yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, Termizdagi afg‘on fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazida turli mutaxassislarni tayyorlash va o‘qitish, «Termiz Kargo» xalqaro logistika markazi imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish, Termiz erkin iqtisodiy hududida qo‘shma korxonalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Akramjon Ne'matov bugungi kunda O‘zbekiston va Germaniya tahliliy markazlari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini aytdi. Xususan, doimiy ravishda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka bag‘ishlangan turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar va konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Bunga tasdiq sifatida shu yilning iyun oyida Toshkentda Konrad Adenauer fondi bilan birgalikda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Afg‘oniston, Pokiston va Germaniya vakillari ishtirokida xalqaro seminar o‘tkazilishi rejalashtirilganini aytdi.

Bundan tashqari joriy yil sentyabrda fond ko‘magi bilan Bryussel va Berlinda Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi va mintaqada Yevropa ittifoqi strategiyasini amalga oshirishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan davra suhbatlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Tashrif so‘ngida mehmonlar mintaqaning boy tarixiy merosi bilan tanishi maqsadida Termiz arxeologik muzeyiga borishdi. Termiz Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda muzeyda saqlanayotgan qadimiy Yunon-Baqtriya, Kushon davrlariga tegishli noyob me'moriy yodgorliklar bunga yorqin misol bo‘ladi.

Muzey Termiz shahrining 2 500 yiligi munosbati bilan ochilgan bo‘lib, unda 27 mingga yaqin eksponatlar saqlanadi. Shuningdek, muzeyda ulkan rasmlar to‘plami va antik haykallar mavjud.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid