Shonazarova OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston va AQSh ta'lim tizimidagi bir qator farqlarni sanab o‘tdi.
«AQShda kitob o‘qishadi»
― Bizning ta'lim tizimimiz bilan AQSh ta'lim tizimining farqi ― u yerda kitob o‘qiladi. Kitobni faqat talaba o‘qimaydi, professor ham o‘qishga majbur. O‘zining sohasida chiqayotgan yangi kitob va tadqiqotlardan xabardor bo‘lishi kerak. Bilishi va o‘sha narsa haqida gapira olishi kerak.
Bizning o‘z tizimimiz atrofida, o‘z qobig‘imizda qolib ketayotganimizning sababi ham shu: biz dunyoda bo‘layotgan yangiliklardan boxabar emasmiz. Shuning uchun faqat o‘zimizda, O‘zbekiston ichida aylanayotgan eski gaplarga nimadir qo‘shib, yangidan nimalardir qilmoqchi bo‘lamiz. Shuni to‘g‘rilashimiz ham kerak.
«Plagiat karerani o‘ldiradi»
― O‘zimizning mahalliy PhD dissertatsiyalarga taqriz yozib bering, deb jo‘natishadi. Avtoreferat uchun mendan taqriz so‘rashadi. Avtoreferat 60 betli narsa bo‘larkan, uchta tilda bo‘lgani uchun. Ikkita tilni olib tashlasak, 20 betli narsa. 150 betli narsaning mohiyatini ular 20 betda yoritib bera olmaydi. Taqriz ham 20 betli narsa bo‘larkan. Sovetlarda ham domlasidan boshqa hech kim dissertatsiyani o‘qimas ekan.
Nechta dissertatsiyaning bu yerda yoqlanganini ko‘rdim. Saviyasi juda ham past. Sovet davrida qolib ketgan narsalarni, rus tilidagilarni tarjima qilib yoki Turkiyada chiqqan tadqiqotlarni o‘zbek tiliga o‘girib, umuman yo‘q havolalarni berib, ilmiy unvon olinyapti.
Amerikada esa... Maqtagim kelmayapti, lekin rivojlanishning sababi ham shunda. U yerda plagiatni darrov bilishadi. Qayerdan olinganini ko‘rsatuvchi tizim bor. Bitta gapni ham plagiat qilsa, «snoska» bermasa, o‘sha darsdan avtomatik tarzda yiqiladi.
Agar talabaga shunaqa tamg‘a tushsa, bo‘ldi, uning karerasi ham o‘ladi.
Plagiat juda ham yomon narsa. Bizda esa referatlar yozamiz, deyishadi. Nima qiladi? O‘zimning davrimda ham shunaqa edi: vikipediyadan olib, ko‘chirib qo‘yadi. Bu narsalarni to‘g‘rilamasak, bizda hech qanday ilm-fan ham rivojlanmaydi, innovatsiyalar ham bo‘lmaydi.
«Universitetlar professorga investitsiya kiritadi»















