Koronavirus har mavsum avj oladigan grippdan nimasi bilan farq qiladi?

Eng avvalo, bu boshqa virus. Gripp viruslari alohida katta oiladir. Koronaviruslar hayvonlarda ko‘proq uchraydi, ammo odamlarga ham yuqishi mumkin - masalan, koronavirus oddiy shamollashni chaqirishi mumkin. Bundan tashqari, koronaviruslarga qarshi hech qachon vaksinalar ishlab chiqarilmagan. Nima uchun? Chunki ular ilgari odamlarda jiddiy asoratli kasalliklarni keltirib chiqarmagan yoki ularning tarqalishi bunchalik keng miqyosda emasdi. Grippga qarshi esa vaksinalar bor, chunki 1918-1919 yillarda dunyo aholisining deyarli uchdan bir qismi yuqtirgan "ispanka"dan keyin unga jiddiy qarala boshlangan. O‘shanda Birinchi jahon urushidan so‘ng odamlarda immunitet pasayib ketgan va viruslarga qarshi yordam bermaydigan, ammo o‘limga olib keladigan asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan bakteriyalarni o‘ldiradigan antibiotiklar yo‘q edi.

Yangi koronavirus o‘ziga xos, chunki 20 yil ichida bu oiladagi virus odamlar orasida tarqalib, jiddiy kasallikka sabab bo‘layotgan  uchinchi holatdir. Birinchisi 2003 yilda yuz bergan SARS-CoV g‘ayrioddiy zotiljami edi, ikkinchisi - 2006 yildagi Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS). Odamlarga bu kasallik tuyalardan yuqqan. Har ikki kasallik odamlar orasida koronavirus kabi tez tarqalmaydi, ammo ulardan o‘lish darajasi yuqori, masalan, MERS uchun bu taxminan 10 foiz.

Endi esa COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi yangi xavfli koronavirus - SARS-CoV-2 paydo bo‘ldi. Undan o‘lish darajasi unchalik yuqori emas: 3-4 foiz atrofida (taqqoslash uchun, mavsumiy grippda - taxminan 1 foiz). Ammo u tez tarqaladi, chunki bizning immunitetimiz unga qanday qarshilik ko‘rsatishni "bilmaydi". Shuning uchun u keng ommaviy epidemiyani keltirib chiqarishi bilan xavf solmoqda. Va biz u haqda hali oz narsa bilamiz, chunki uning odamlarda tarqalishini birinchi marta kuzatmoqdamiz. Hozir butun dunyo olimlari COVID-19 epidemiyasini kuzatmoqda va o‘rganmoqda.

Yangi koronavirus ko‘pincha keksa odamlarga halokatli ta'sir qilishi to‘g‘rimi? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun?

Ha, hozir dunyoda 100 mingdan ortiq yangi koronavirus yuqtirish holatlari qayd etilgan va biz odamning yoshi qanchalik katta bo‘lsa, uning o‘limi xavfi shunchalik yuqori ekanligini ko‘rmoqdamiz. Bu 60-80 yoshdagi aholining ulushi yuqori bo‘lgan Italiyada yaqqol ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, odamda boshqa jiddiy kasalliklar, masalan, yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklari mavjudligi ham xavfni oshiradi.