O‘zbekiston | 20:53 / 13.03.2020
8954
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 17 yil ichida ilk marta inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ro‘yxatdan o‘tkazildi

9 mart kuni O‘zbekiston inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Foto: «Huquqiy tayanch» NNT

Jamoat birlashmasi mahkumlarning huquqlarini himoyalash, ularni reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanadi.

Jamoat birlashmasi raisi A'zam Farmonov Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali muloqotda tez orada tashkilot faoliyati yuzasidan batafsil ma'lumot berilishini bildirdi.

«O‘zbekiston inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi ro‘yxatdan o‘tgunga qadar qanday jarayonlar bo‘lgani, tashkilot a'zolari boshidan kechirgan voqealar, kelgusidagi faoliyatimiz haqida tez orada batafsil ma'lumot berishni rejalashtirganmiz.

Sizga qisqa qilib shuni aytishim mumkinki, tashkilotimizning yuzdan ziyod a'zosi bor. Shundan 11 nafari ta'sischi sifatida jamoat birlashmasi faoliyatiga mas'ul hisoblanadi.

Faoliyatimizning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri – qamoqxonalarda nohaq jabr ko‘rgan, zulmni boshidan o‘tkazgan mahkumlarning reablitatsiyasi bilan bog‘liq jarayonlarni ko‘taramiz va imkon qadar hukumat, davlat tashkilotlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish tarafdorimiz.

Chunki biz qanchalik tanqid qilmaylik, qanchalik baqir-chaqir qilmaylik, agar hukumat bizni eshitishni xohlamas ekan, haakatlarimizdan foyda bo‘lmaydi.

Shu sababli hamma sohada – qonunchilik, sud-huquq yo‘nalishida muloqotni yo‘lga qo‘yishni istaymiz.

Tashkilotimiz to‘polonlar, ayyuhannos solishlardan yiroq, har qanday harakatini O‘zbekistondagi mavjud qonunlar doirasida amalga oshirishga, muammolarga rasmiy bayonot va munosabatlar orqali yechim topishga harakat qilamiz», deydi u.

«Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi 2003 yildan keyingi davrda faoliyatiga davlat tomonidan ruxsat berilgan ilk mustaqil inson huquqlari tashkiloti hisoblanadi.

«Tashkilotimiz 9 mart kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan ekan. «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi guvohnomani 11 mart kuni qo‘limizga oldik.

O‘zbekistonda 2003 yilda O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati ro‘yxatga olingan, shundan keyin mustaqil ravishda inson huquqlarini himoya qilish faoliyati bilan shug‘ullanadigan birorta jamoat tashkiloti ro‘yxatga olinmagan.

«Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi 17 yillik tanaffusdan so‘ng ro‘yxatga olingan ilk inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti bo‘ldi.

Oraliq davrda balki qandaydir boshqa birorta tashkilotlar faoliyat yuritgandir. Lekin men O‘zbekistonda ularning o‘rni, rolini hech qachon his qilmaganman», – deydi A'zam Farmonov.

Adliya vazirligi Nodavlat notijorat tashkilotlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Rustam Eshboyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, bugungi kunda mavjud 11 mingga yaqin NNT u yoki bu sohadagi inson huquqlarini himoya qilish va ifoda etish maqsadida tuzilgan bo‘lib, shundan 100dan ortig‘i bevosita inson huquqlarini huquqiy himoya qilish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadi.

O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati, O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston inson huquqlari mustaqil tashkiloti va boshqalar shular jumlasidandir.

«O‘zbekiston inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasining ustaviga ko‘ra, uning asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyat yuksalishi hamda inson huquqlari kafolatlari ta'minlanishiga ko‘maklashish hisoblanadi. Mazkur jamoat birlashmasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan barcha ko‘rinishlarda inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borishi mumkin.

Xususan, jamoat birlashma ustavining 2.2-bandiga ko‘ra, birlashma inson huquq va erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini barcha davlat organlari va nodavlat tashkilotlar tomonidan e'tirof etilishi va himoya qilinishiga ko‘maklashish, mazkur sohada belgilangan tartibda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda jamoatchilik nazorati natijasi yuzasidan tegishli davlat va nodavlat tashkilotlariga takliflar kiritishi mumkin», – deydi Rustam Eshboyev.

«Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi Adliya vazirligi tomonidan 903-son guvohnoma bilan NNT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Biroq vazirlik saytidagi NNTlarning davlat reyestrida hozircha bu tashkilot haqidagi ma'lumot yo‘q.

Mavzuga oid