«Gegemon barqarorlik» nazariyotchilari haqmi?

19 asrdagi «Pax-Britanica» va 20 asrdagi «Pax-Americana» zamonida yagona global figuraning siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohalardagi yaqqol ustunligi tufayli xalqaro tizim nisbatan barqaror edi, deb ta'kidlaydigan «gegemon barqarorlik» nazariyotchilari so‘nggi yillarda yuz berayotgan notinchliklardan so‘ng o‘zlarining haq ekanlarini o‘ylashayotgan bo‘lsa ajab emas.

AQShning Obama davridagi sokinligi va Tramp davrida ancha shovqinli tarzda davom etayotgan «global barqarorlikni kafolatlovchi figura» rolidan chiqish strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimini ham, uning global iqtisodiy boshqaruv arxitekturasini ham jiddiy ravishda zaiflashtirib, xalqaro inqirozlarga qarshi kurashish qobiliyatini mahv etdi.

Bundan tashqari, avval Xitoyga qarshi boshlangan va keyinchalik boshqa davlatlarni ham qamraydigan darajada kengaytirilgan savdo urushlari erkin savdo va sog‘lom raqobat tamoyillariga asoslangan, deb baholanuvchi liberal xalqaro tizimning asoslarini yo‘q qildi. Shu bois, bir qutbli yoki ikki qutbli dunyo sifatida ko‘rishga odatlanganimiz barqarorlashtiruvchi kurash shakllari tarixning bir qismiga aylangan ko‘p qutbli global tartibga, shuningdek, turli figuralarning o‘z milliy manfaatlari yo‘lida qarama-qarshi strategiyalarni amalga oshirishi uchun zamin yaratdi. Bu zaminda bir tomondan manfaatlar to‘qnashuvi va siyosiy-harbiy mojarolar kuchayib borar ekan, boshqa tomondan, energiya manbalari yoki iqtisodiy va texnologik ustunlik omillari nuqtayi nazaridan xalqaro raqobat tobora halokatli tus olib bormoqda.

To‘pponchadan o‘q uzildi...

Biz boshida turgan 2020 yilda keti uzilmayotgan global muammolar dunyo iqtisodiyotida 2008 yildagi global moliyaviy inqiroz davridan keyingi eng notinch davr sifatida baholanmoqda. AQSh va Xitoy savdo urushlari keskinligini o‘zaro muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga urinayotgan bir paytda Sharqiy Osiyoga, keyin esa butun dunyoga tarqalgan koronavirus epidemiyasi ko‘plab mamlakatlarda kundalik hayot harakatchanligi sezilarli ravishda sekinlashishiga olib keldi, jiddiy tashvishlarni keltirib chiqardi.

Ushbu epidemiya Xitoy va Sharqiy Osiyo bilan chegaralanadi, deb taxmin qilingan bo‘lsa-da, AQSh, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari misolida global xavfga aylanishi jahon iqtisodiyotining ishlab chiqarish va talabida sezilarli qisqarish tendensiyalarini yuzaga keltirdi. Koronavirus xavfiga qarshi ko‘rilgan chora-tadbirlarning kuchli bir xalqaro koordinatsiya tarmog‘i tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagani global boshqaruv mexanizmlaridagi zaiflashuvni borgan sari kuchaytirmoqda.