Bu safargi optimist loyihasi qahramoni - Hajga borish uchun uch bora velosipedda yo‘lga chiqib, bir safar Eron, keyin Turkmaniston va uchinchi safar esa Suriya chegarasidan qaytgan ekan marg‘ilonlik 85 yoshli G‘anijon Mamadiyev, ya'ni Charxchi ota. U kishi haqidagi qiziq xabarlarni eshitgach, oldilariga borib suhbatlashishni maqsad qildik.

G‘anijon ota Mamadiyev 58 yil ko‘cha kezib charxchilik qilgan. Hozirgi paytda qisman unutilgan bu hunar, ya'ni ro‘zg‘ordagi pichoq, chopqi, bolta, qaychi kabi buyumlarni o‘tkirlash o‘z paytida juda kerakli edi.

Marg‘ilon shahrining Oybek ko‘chasida yashovchi G‘anijon ota uzoq yillar o‘z kashfiyoti bilan ro‘zg‘or tebratgan edi. U kishi oddiy “Ural” velosipediga bir zumda charxlovchi apparatga aylanuvchi uskunani o‘rnatgan. Charxchi ota velosipedi bilan mahallalarni kezib, odamlarning hojatini chiqarganini marg‘ilonliklar yaxshi eslashadi.

“Biz yosh bola edik. Charxchi ota ko‘chamizga kelib ikkita qoziqni velosipedining ikki tomoniga tirab qo‘yar, rulga charxni ulab, velosiped zanjiriga charxni tortib aylantirardi. Otaning ajoyib qiliqlari bor edi. Charxlashni velosipediga qarab antiqa harakat bilan boshlar va har zamonda “pup-puuup” degan ovoz chiqarar edi. Bolalarga shirin gapirgani uchun u kishi kelishi bilan mahalla bolalari uyidan pichoq, chopqilarini ko‘tarib chiqar, tangaga buyumlarimizni o‘tkirlatib olardik”, deydi u kishi haqida hamshaharlari.

 “Hajga velosipedda borishga uch bora urindim”

Uzoq yillar hajga borishni orzu qilgan G‘anijon ota mablag‘ yo‘qligi sabab, ko‘p bora uzoq safarga velosipedda yo‘lga chiqqan. Lekin, harakatlari samara bermadi.

“17 yoshimdan pichoq charxlashni boshlaganman. Qariyib 60 yil shu hunar bilan shug‘ullandim. Pichoq charxlab, vodiyni kezdim. Hamma joyga velosipedda borib kelardim. Namangan, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham bo‘lganman”, deydi ota.