Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi kurash doirasida tanlov e'lon qildi
Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekistonda COVID-19 koronavirusga qarshi samarali kurashish, kasallikning respublika hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida «Tibbiyot fanlari» yo‘nalishida amaliy loyihalar tanlovini e'lon qildi. Amaliy loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 3,5 mlrd so‘m ajratiladi.
«Mavjud holat respublikamizda koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlil qilish asosida ularni davolash texnologiyalarini yaratish hamda koronavirus shtammlarini aniqlash uchun molekulyar-genetik diagnostikumlar yaratishga ehtiyojni yuzaga keltirmoqda.
Hozirda jahon bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus infeksiyasining (COVID-19) O‘zbekistonga kirib kelmasligini ta'minlash avvalo mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi, profilaktika ishlarini yanada yuqori darajaga ko‘tarishni taqozo etadi», deyiladi Innovatsion rivojlanish vazirligi xabarida.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi 133-sonli «Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.
Ilmiy loyihalarga davlat buyurtmasi doirasida amalga oshiriladigan amaliy loyihalar mavzulari:
- «Koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlili asosida ularga qarshi kurash va davolash texnologiyasini yaratish» bo‘yicha bajarilishi ikki yilga mo‘ljallangan amaliy loyiha (umumiy moliyalashtirish hajmi – 2 mlrd so‘m);
- «COVID-19 koronavirus shtammlarini aniqlash uchun molekulyar-genetik diagnostikum yaratish» bo‘yicha bajarilishi bir yilga mo‘ljallangan amaliy loyiha (umumiy moliyalashtirish hajmi – 1,5 mlrd so‘m).
Tanlov shartlari:
- Taqdim etilgan loyihalar www.fan-portal.uz veb-sahifasi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Elektron ro‘yxatdan o‘tmagan, tanlov mavzusidan tashqari mavzularda tayyorlangan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
- Qog‘oz shaklda taqdim etilgan loyihalar ilmiy-tadqiqot institutlarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, oliy ta'lim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari imzolagan yo‘llanma xati asosida qabul qilinadi.
- Loyiha matni A4 formatdagi standart qog‘oz varag‘ining ikki tomonida joylashishi va qoida tariqasida 1,15 qator oralig‘ida yozilishi lozim. Har bir bet yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; o‘ngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm.ga teng va bir xilda bo‘lishi lozim.
- Matnni kompyuter vositasida bosib chiqarishda «Times New Roman» 12 o‘lchamli shriftda «Misrosoft Word» matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.
- Betlar titul varag‘idan boshlab oxirgi varaqqacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki o‘ng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varag‘iga 1 raqami qo‘yilmaydi.
- Loyiha har bir talab qilingan hujjati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.
- Loyiha rahbari va ishtirokchilarining mezonlarda talab qilingan ilmiy ishlar ro‘yxati (oxirgi 3 yil davomidagi nashrlar quyidagi xronologik tartibda keltirilib, izchil ketma-ketlikda raqamlanadi: monografiya; patent; ilmiy maqola; ilmiy to‘plamlar va boshqa nashr ishlari) 3.4-shaklga qat'iy rioya qilingan holda rasmiylashtiriladi va muallif, ilmiy kotib tomonidan imzolanadi va tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.
- Elektron ro‘yxatdan o‘tkazilgan loyihalar 2020 yilning 15 apreliga qadar shanba va yakshanba kunlaridan tashqari har kuni soat 10:00dan 18:00 gacha vazirlik binosida qabul qilinadi.
- Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat'iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan so‘ng to‘liq tijoratlashtirilishi shart.
- Taqdim etiladigan loyihalarga tegishli vazirliklardan loyiha mavzusi, uning bajarilishi va undan kutilayotgan natijalar O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining tarmoq va sohalarini rivojlantirish uchun zarurligi ta'kidlangan hamda tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashlari tomonidan tavsiya etilganligi haqidagi qaroridan ko‘chirma ilova qilinishi lozim.
- Tanlov o‘tkazilishining obektivligi, adolatliligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida loyihalarni qabul qilish, ekspertizasini amalga oshirish, maxsus belgilangan xonalarda videokuzatuv vositalari (kameralar) orqali yozib olinadi.
- Taqdim etilgan loyihalardagi ma'lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas'ul xodimlari javobgar hisoblanadi.
- Belgilangan muddatda fan yo‘nalishlari bo‘yicha elektron va qog‘oz shakllarda taqdim etilmagan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
- Tanlovga bitta loyiha kelib tushgan taqdirda qayta e'longa beriladi va natijasi bo‘yicha agar loyiha kelib tushmasa, dastlabki kelib tushgan loyiha bilan muzokara o‘tkazilib, salohiyatiga ko‘ra ITKga chiqariladi.
- Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning natijalari to‘g‘risidagi ma'lumot www.mininnovation.uz veb-saytida «Tanlovlar» ruknining «Tanlov natijalari» interaktiv» xizmati orqali ochiq ma'lumotlar taqdim etib boriladi.
www.fan-portal.uz veb-portali orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining qo‘llab-quvvatlash xizmati: (71) 203-32-23 (620, 621) – Axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘limi.
- 15 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda jami 156 738 kishida koronavirus aniqlangan, hozirgacha ularning 75 935 nafari sog‘ayib ketgan, 5839 kishi vafot etgan.
Mavzuga oid
16:01 / 05.11.2024
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:08 / 27.06.2024
"Har bir fuqaro uchun – bir daraxt" ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi
16:02 / 17.05.2024