Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada 350dan ziyod akademik, siyosatchi va yozuvchilar konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishiga qarshi chiqdi
Rossiya konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Davlat dumasi tomonidan 11 mart kuni ma'qullandi, xuddi shu kuni u Federatsiyalar kengashi tomonidan qabul qilindi.
Rossiyada olimlar, yuristlar va adabiyotchilardan iborat guruh konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishiga qarshi chiqib, Konstitutsion sudga jamoaviy murojaat bilan chiqdi. Murojaat matni «Exo Moskvi» saytida e'lon qilindi.
16 mart ertalab murojaatga 357 kishi imzo qo‘ygandi. Ro‘yxat Rossiya fanlar akademiyasining 18 nafar akademik va muxbir a'zolaridan boshlanadi, ular orasida lingvist Aleksandr Anikin, fizik i Maks Plank mukofoti laureati Mixail Danilov, geoximik Yuriy Kostitsyn, tarixchi Askold Ivanchik va boshqa olimlar bor.
Murojaatni shuningdek, iqtisodchilar Vladislav Inozemsev va Yakov Urinson, Oliy iqtisod maktabi ilmiy rahbari Yevgeniy Yasin, siyosatshunos Gleb Pavlovskiy, Boris Yelsinning sobiq yordamchisi Georgiy Satarov, sotsiolog Ella Paneyax, shoir Lev Rubinshteyn, yozuvchilar Alisa Ganiyeva va Aleksey Slapovskiy, jurnalistlar Svetlana Sorokina va Leonid Parfyonov, teleboshlovchi Mixail Shirvindt va boshqalar imzolagan.
«Biz mamlakatimizga chuqur konstitutsion inqiroz xavfi tahdid solmoqda deb hisoblaymiz», — deyiladi murojaatda.
Murojaatchilar xususan, Valentina Tereshkovaning prezidentlik muddatlarini boshidan hisoblash taklifiga qarshi chiqqan. Ularning fikricha, o‘zgartirishlar konstitutsiyaning o‘zgartirib bo‘lmas bo‘limlariga ziddir.
Rossiya konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Davlat dumasi tomonidan 11 mart kuni ma'qullandi, xuddi shu kuni u Federatsiyalar kengashi tomonidan qabul qilindi. O‘zgartirishlar, xususan, Putinning prezidentlik saylovlarida yana ishtirok etishiga imkon beradi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hujjat rasmiy e'lon qilinganidan keyin kuchga kiradigan konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish tartibini tasdiqladi. Tuzatishlar 22 aprelga belgilangan ovoz berish natijalari bo‘yicha kuchga kiradi.