Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada o‘zbekistonlik talabalarni yotoqxonalardan chiqarib yuborish haqida ko‘rsatmalar berilmagan - TIV
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi o‘zbekistonlik talabalarga aloqador maxsus axborot bilan chiqdi
Rossiya oliy ta'lim muassasalarida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida o‘zbekistonlik talabalarini yotoqxonalardan chiqarib yuborilayotgani to‘g‘risida ba'zi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 2020 yil 16 mart kuni tarqalgan ma'lumotlar bo‘yicha elchixona ma'lumot berdi.
Diplomatik vakolatxona ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi rasmiy organlari tomonidan mamlakat oliy ta'lim muassasalarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarga nisbatan ularning yashashi va/yoki mamlakat hududida bo‘lishini cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilinmagan. Ta'lim muassasalari rektorlariga Rossiya Fan va oliy ta'lim vazirligidan o‘zbekistonlik talabalarni yotoqxonalardan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi tavsiyalar yoki ko‘rsatmalar berilmagan.
Elchixona vatandoshlardan vahimaga berilmasdan xotirjamlikni saqlash, Rossiya hukumatining COVID-2019 koronavirusi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalarini bajarish, yashash joylarini tark etmaslik va oliy o‘quv yurtlari rahbariyati belgilab bergan shaklda ta'limni davom ettirishni so‘ragan.
Shu bilan birga, joriy yilning 16 mart kuni davlat xavfsizligini ta'minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, Rossiya hukumati 2020 yil 18 martdan 1 mayga qadar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasiga kirishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ushbu cheklovlar Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, xalqaro avtomobil transporti vositalari haydovchilari, havo, daryo va dengiz kemalari ekipajlari xodimlari, xalqaro temir yo‘l aloqasining poyezd va lokomotiv brigadalari, rasmiy delegatsiyalar a'zolari va diplomatik, xizmat vizalari, yaqin qarindoshi vafot etganligi tufayli berilgan vizalarga ega shaxslar, Rossiya Federatsiyasi hududida doimiy yashovchi shaxslar, shuningdek, havo o‘tish punktlari orqali tranzit bilan o‘tadigan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Elchixona fuqarolarga Rossiya hukumatining yuqorida qayd etilgan qarorini inobatga olishni qat'iy tavsiya qilgan va Rossiya hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda O‘zbekistonning Moskva shahridagi va Rossiya hududlaridagi diplomatik vakolatxonalariga (manzillar va aloqa uchun ma'lumotlar havolada http://uzembassy.ru/page/870 joylashtirilgan) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.