O‘zbekiston | 11:38 / 17.03.2020
16524
3 daqiqa o‘qiladi

«Uydirma tarqatganlarga qat'iy choralar ko‘riladi» - Vertolyotdan dezinfeksiya uchun dori sepilishi haqidagi xabarga munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrida vertolyotlardan dorilar sepilishi va bolalar ko‘chalarda bo‘lgani uchun ota-onalar jarimaga tortilishi haqidagi xabarlar tarqatilmoqda. Vazirlar Mahkamasi ushbu ma'lumotlarga ishonmaslikka chaqirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda «Bugun 23:00 va tonggi 5:00 gacha vertolyotlar dezinfeksiya uchun dori sepadi. Deraza va balkonlar yopiq bo‘lishi lozim va 23:00dan so‘ng ko‘chalarda yurish mumkin emas. Harbiy qismdan xabar berishdi», degan xabar tarqamoqda.

Mazkur xabar soxta va uydirma bo‘lib, hech qanday asos hamda mantiqqa ega emas. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa bunday mazmundagi soxta va yolg‘on xabarlarga e'tibor bermasliklarini va ko‘r-ko‘rona tarqatmasliklarini so‘raymiz. Bunday paytda faqat va faqat rasmiy manbaga tayanish kerakligini yana bir bor iltimos qilamiz.

Kuni-kecha koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi raisi – hukumat rahbari Abdulla Aripov ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazgan matbuot anjumanida ta'kidlaganidek, bunday paytda hazil ketmaydi. Aholi orasida vahima uyg‘otishga sabab bo‘ladigan haqiqatdan yiroq, soxta va uydirma xabarlarni tarqatganlarga qat'iy choralar ko‘riladi», deydi Bosh vazir matbuot xizmati xodimi Bekzod Hidoyatov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida vahima tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid