Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Har qanday qurilishda xavfsizlik birinchi o‘rinda bo‘lishi shart – O‘zbekistonda tatbiq etilyotgan AQSh texnologiyasi
Bu texnologiyaning qisqacha mohiyati – qurilish maydonlari kesakilari, tunnellar, shiftlar, quvurlarning ichki qatlamlari, umuman har qanday qattiq yuzani siqilgan havo yordamida maxsus tarkibdagi beton qorishmasi bilan qoplab, mustahkamlashdan iborat.
Tahririyatimizga kirib kelgan bu ikki yigitlar o‘z sohasida yangilik yaratishga ishtiyoq bilan yashayotganlardan. Zarbuloq Injiniring qurilish kompaniyasi direktori Doniyor Yusupov, 36 yoshda. Uzoq vaqt AQShda yashagan va ishlagan. Virjiniya shtatidagi George Mason universitetini iqtisodiyot va biznes boshqaruvi bo‘yicha tamomlagan. Davron Azizov Doniyorning kursdoshi, do‘sti va biznes maslahatchisi. Ular bilan kompaniya qurilishda tatbiq etayotgan AQSh texnologiyasining O‘zbekistondagi istiqbollari haqida suhbatlashdik.
– Doniyor, suhbatimiz mavzusiga o‘tishdan oldin bir savol bersam – AQShda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan yosh yigitning O‘zbekistonga qaytishiga nima turtki berdi?
– O‘zbekiston vatanim, garchi AQSh bilan bordi-keldi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, har doim ham shunday bo‘lib kelgan. Vatanimdagi muhit, odamlarni hech qayerdan topa olmayman. Shug‘ullanayotgan biznesimiz – oilaviy, unga marhum otam 15 yil ilgari asos solganlar. Unda AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy davlatlaridagi tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishga to‘g‘ri keladi. Ishlarni O‘zbekistonga ko‘chirishimga muhtaram Prezidentimizni chet ellardagi hamyurtlarga da'vatlari ham sabablardan biri bo‘ldi.
– Endi bevosita siz ishlatayotgan bu texnologiyaga to‘xtalsak, uning mohiyati nimadan iborat?

– Torkretlash, xususan bizning uslubimiz bilan kesaki va quvurlarni mustahkamlash – bu O‘zbekiston sharoitida nisbatan yangi texnologiya. Uning qisqacha mohiyati – qurilish maydonlari kesakilari , tunnellar, shiftlar, quvurlarning ichki qatlamlari, umuman har qanday qattiq yuzani siqilgan havo yordamida maxsus tarkibdagi beton qorishmasi bilan qoplab, mustahkamlashdan iborat. Bu texnologiya yer osti suvlarining chiqib ketishi, tashqi bosim va namgarchilik tufayli tuproqlarning ko‘chishi yoki o‘pirilishining oldini oladi.
– Davron, bu texnologiyaga qiziqish qanday bo‘lyapti?

– Qiziqish katta, turli tashkilotlarga o‘z xizmatlarimizni taklif qilyapmiz, ular o‘rganishyapti, ayrimlari buyurtma berishyapti. O‘zi umuman shunga o‘xshash uslublar yordamida xavfsizlik me'yorlariga rioya qilish qurilishning muhim shartlaridan biri. Bu yerda katta yangilik yo‘q. Faqat ba'zi quruvchilarimiz kotlovan qazishgach kesakilarni mustahkamlamay ishlayverishadi. Mana, yangi qurilgan “Hilton” mehmonxonasi yuqori qismiga chiqib qarasangiz hammasi yaqqol ko‘rinadi – kesakilarni mustahkamlanish sifati yoki ularni umuman yo‘qligi odamda savollar tug‘diradi. Holbuki bunday qurilishlar davlatimizning ramzi va taraqqiyotimiz indikatori. Bu masala Amir Temur bobomiz davridan buyon juda dolzarb. Sohibqironning “Qudratimizga shubha qilganlar biz qurgan imoratlarga boqsin” degan gaplarini hammamiz yaxshi bilamiz.
AQShni ko‘p misol keltiramiz. Bilamizki bu davlat osmono‘par binolar mamlakati. Ko‘pchilik kuzatgan, u yerda kichik maydon o‘rab olinadi va yuqoriga qarab qurib ketilaveradi. Lekin bunda nafaqat o‘z xavfsizligi emas, balki atrofdagi binolarning havfsizligiga ham ahamiyat beriladi. Chunki shaxsiy mulk himoyasi birlamchi masala hisoblanadi. Aynan mana shunday biz yuqorida aytib o‘tilgan uslub bilan mustahkamlash kichik maydonlarda bemalol ishlash imkoniyatini beradi.
– Doniyor, bu texnologiya bizning quruvchilar uchun qimmatlik qilmayaptimi?

– Bir inson hayotining bahosi bormi? Rivojlangan davlatlarda xavfsizlik birinchi o‘rinda turadi – inshoot qiymati, chiroyi, qurilish muddatlari emas, aynan xavfsizlik. Mana, ming afsuski yaqinda Yunusobod liniyasi bo‘ylab metro qurilishida 6 nafar hamyurtimiz fojiali halok bo‘lishdi. Albatta mutaxassislar bu fojyea sabablarini aniqlashadi, lekin kesakilarni o‘z vaqtida mustahkamlamaganlik sababi ham bu fojyeada yo‘q emas. Bundan tashqari, hududimiz seysmik faol hisoblanadi. Torkretlash yordamida inshootning zilzilabardoshligi ham oshiriladi.
– Bu texnologiyani quvurlar ichini mustahkamlashda ham ishlatish mumkin, dedingiz.

– Xuddi shunday. Ma'lumki, Respublikamiz paxtazorlariga suv yetkazib berayotgan nasos stansiyalarida hozirda foydalanilayotgan katta diametrli metall quvurlarning aksariyati o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan. Eskirib qolgan quvurlarni portlash yoki yorilish xavfi bor. Ularni almashtirish vaqt talab qiladigan va qimmat jarayon. Biz taklif etayotgan texnologiya sarf-xarajatlarni yetti barobargacha kamaytirish imkonini beradi. Yer kovlanmaydi, yo‘llar buzilmaydi, ish tez bitadi. Eng muhimi, biz mustahkamlaganimizdan so‘ng yana quvurlarni 50 yilgacha ishlatish imkoniyati yaratiladi. Chunki beton suvni yaxshi ko‘radi, quvur ichidagi qotishma kristallashib, chidamlilik hususiyati oshadi va metallni chirishdan asraydi.
– Qancha xodimlaringiz bor, ular qanday qilib ish o‘rganishyapti?
– Hozirgacha 65 ta ishchi o‘rni yaratganmiz. AQShda torkretlash bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarda o‘qiganman, bu yerda esa ishchilarimizni o‘zimiz o‘rgatyapmiz. Shu paytga qadar Toshkent Sitidagi biznes markazning 7 ming kvadratdan oshiq kesakilarini, suv xo‘jaligi inshootlarida 25 km quvurlar ichini shular bilan birgalikda mustahkamladik. Kelajakda ish o‘rinlari va hajmini oshirish niyatidamiz.
Abror Zohidov suhbatlashdi, tasvirchi Doniyor Yakubov.
Mavzuga oid
09:46 / 11.06.2026
Noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi
11:56 / 06.06.2026
Qurilishga ruxsat olishda bir nechta davlat xizmatlari birlashtiriladi
11:33 / 06.06.2026
O‘zbekistonda loyihalash va qurilishni parallel olib borish amaliyoti o‘zgaradi
22:34 / 05.06.2026