70-maktab o‘qituvchilari maktab direktori va o‘rinbosari buyrug‘i bilan o‘quvchilarning davomatini nazorat qilish maqsadida Telegram’da ota-onalar guruhini ochishadi. Bu guruhda maktab direktori va o‘qituvchilar sababsiz darsga kechikib kelgan yoki dars qoldirgan o‘quvchilarning suratlarini e'lon qilib borishi ota-onalarning e'tiroziga sabab bo‘ladi.

Murojaatchilarning aytishicha, guruhda darsga kechikkan yoki dars qoldirgan 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan barcha o‘quvchilarning suratlari e'lon qilib borilgan.

Ota-onalarni tashvishlantirayotgan holat shuki, maktab ma'muriyati tomonidan Telegram’dagi guruhda rasmi qo‘yilganidan keyin bolalar ruhiyatida salbiy o‘zgarish bo‘lmoqda.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish uchun maktab direktori va boshqa mutasaddilar bilan bog‘landi.

Maktab direktori Sherzod Sharopov haqiqatan ham Telegram’da guruh ochib, unda darsga kechikkan va dars qoldirgan o‘quvchilarning fotosuratlari berib borilayotganini tasdiqladi.

Direktordan bu ish qonunchiligimizga va bola huquqlariga oid xalqaro normalarga qanchalik to‘g‘ri kelishini so‘raganimizda, u davomat masalasida muammolar borligini va muammoni hal qilish uchun shu usuldan foydalanayotganini aytdi.

Shundan so‘ng, Urgut tuman Xalq ta'limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Elyor Po‘latov bilan bog‘landik. Uning aytishicha 70-maktab rahbariyatining bu ishidan xabari bo‘lmagan va tuman XTB tomonidan maktab direktorlariga bunday ko‘rsatma berilmagan. Elyor Po‘latov 70-maktab rahbariyatiga bu ish uchun tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.

Xalq ta'lim vazirligi matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha vazir maslahatchisi Anvar Umarovdan yuqoridagi holat bo‘yicha izoh oldik.

Vazirlik vakilining aytishicha, hududiy boshqarma va bo‘limlar, maktab direktorlariga ijtimoiy tarmoq yoki mesenjyerlarda guruh ochib darsga sababsiz kechikkan yoki dars qoldirgan o‘quvchilarning fotosuratlarini berib borish topshirig‘i berilmagan. A.Umarov Urgut tumanidagi 70-maktabda bu ish yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv o‘tkazilishini ma'lum qildi.

Xo‘sh, bu borada qonunchiligimiz nima deydi?

«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda bolaning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.