23:57 / 22.03.2020
117359

Hindistonda xavotirli vaziyat, Merkel karantinda. So‘nggi ma'lumotlar

Yakshanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoning 170dan ortiq mamlakatida qayd etilgan virusdan zararlanish holatlari soni 340 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 14 ming 573 nafari vafot etgan, 97 mingdan ortiq kishi sog‘ayib ketgan.

EPA

Bemorlar soni 100 mingga yetishi uchun 97 kun vaqt ketgan bo‘lsa, bu miqdor 200 mingga yetishi uchun 12 kun yetarli bo‘ldi. So‘nggi 4 kun ichida koronavirus 300 minglik nuqtadan o‘tib ketdi.

So‘nggi bir kunda Afrikada keskin o‘sish kuzatildi. Bir kunda bu qit'ada Covid-19 koronavirusidan jami mingdan ortiq kishi zararlandi. Shu vaqtgacha Afrika qit'asidagi vaziyat dunyo bo‘yicha eng barqaror holat bo‘lib turgandi.

Ayni vaqtda sanoqli davlatlarda virusdan zararlanish holatlari qayd etilmadi - Turkmaniston, Shimoliy Koreya, Tojikiston, Suriya, Yaman, Liviya, Janubiy Sudan, Birma, Laos, Mozambik, Lesoto, Botsvana, Mali, Serra-Leone, Gvineya-Bissau, G‘arbiy Sahroyi Kabir va Beliz.

Germaniyada yangi choralar, Merkel karantinda

Germaniya yakshanba kuni koronavirus tarqalishi oldini olish uchun qat'iy choralar joriy etdi. Fuqarolarga ish joylari va uylaridan tashqarida ikkitadan ortiq bo‘lib yig‘ilish taqiqlandi.

Bundan tashqari, hukumat barcha kafe va restoranlarni yopishga ko‘rsatma bergan, oziq-ovqatni buyurtma bilan uyga yetkazib berish mumkin, shuningdek, sartaroshxonalar, massaj va tatu salonlari yopilgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel uy karantiniga yo‘l oldi, payshanba kuni uni emlab qo‘ygan shifokorda koronavirus aniqlangan.

Buyuk Britaniya

Britaniya hukumati fuqarolarni orolda koronavirus tarqalishi jadallashgani haqida ogohlantirgan. So‘nggi bir kunda Uelsning o‘zida 7 bemor olamdan o‘tdi.

Shifokorlarning qayd etishicha, ularning barchasi og‘ir ahvoldagi bemorlar guruhida edi: ularning ayrimlari 70 yoshdan oshgan, boshqalarining surunkali kasalliklari bo‘lgan.

Mamlakatda virusdan zararlanganlarning jami soni 5 ming nafardan oshdi, qurbonlar soni 244 nafar.

London meri Sodiq Xon ayniqsa poytaxtda ahvol og‘irligini qayd etgan - 88 o‘lim holati.

U muhim sohalar ishchilari - shifokorlar, o‘t o‘chiruvchilar, shahardagi boshqa xizmatlar xodimlari ishga yetib olishi uchun metroning ayrim liniyalarini ochiq qoldirishni rejalashtirayotgani haqida aytib o‘tgan. Boshqa barcha merlar odamlarni jamoat transportida safar qilishdan tiyilishga chaqirmoqda.

Italiyada qurbonlar soni 5 mingdan oshdi

Italiyada 21 mart kuni koronavirus infeksiyasidan o‘lim bo‘yicha yangi rekord qayd etildi - 793 bemor vafot etdi. 22 mart kuni qurbonlar soni 651taga ortdi - jami qurbonlar soni - 5476.

Italiya payshanba kuniyoq koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirgandi. 22 mart holatiga ko‘ra, Covid-19 tashxisi Italiyaning 59138 nafar fuqarosida qayd etilgan, bu bir kun avvalgidan 5560 nafarga ko‘proq.

Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Lombardiyada 3 mingdan ortiq o‘lim holati qayd etilgan. Mamlakat shimolidagi bu viloyatda fevral oyidayoq qat'iy choralar ko‘rilishi boshlangan va hududdagi shaharlar yopib qo‘yilishiga qaramasdan infeksiya keng tarqalib ulgurgandi. Yangi qoidalarga ko‘ra, kechqurunlari ko‘chalarda harakatlanish taqiqlangan. Savdo avtomatlaridan foydalanish ham mumkin emas.

Biznes vakillariga deyarli barcha operatsiyalarni to‘xtatish ko‘rsatma qilingan. Qurilish ishlari to‘xtagan (shifoxonalar qurilishi bundan mustasno). Ochiq osmon ostidagi bozorlar yopilgan.

Rimda ikki monastir karantinga olingan, 59 monax koronavirus bilan kasallangan. Butun mamlakat bo‘ylab jami 28 nafar kohin Covid-19 qurboniga aylangan.

Rossiya shanba kuni koronavirusga qarshi kurash uchun Italiyaga harbiy virusologlar va tibbiy qurilmalar yuborilishini ma'lum qildi. Xitoy ham Italiyaga 100 mingdan ortiq niqob va test to‘plamlari yuborgan.

Hindiston xavf ostida

Hindistonda virusdan zararlanish holatlari o‘sishi ortidan (396 bemor, 7 o‘lim) komendantlik soati joriy etildi. Hozircha kunning 14 soatida komendantlik soati joriy etilgan - ertalab soat 7dan kechki 9gacha ko‘chaga chiqish mumkin emas.

«Bu komendantlik soati chorasi koronavirusga qarshi kurashdagi eng kuchli zarbamiz bo‘lsin. Qo‘llayotgan choramiz kelajakda bizga yordam bersin», degan mamlakat bosh vaziri Narendra Modi.

Agar hukumat bu chorani samarali deb topsa, bu choralar keyingi farmoyishga qadar doimiy asosda joriy etiladi.

Hindiston temir yo‘llari barcha yo‘lovchi poyezdlari harakatini to‘xtatdi.

Bungacha ham ayrim shtatlarda mustaqil ravishda karantin joriy etilgan, Modining vatani bo‘lmish Gujarot shtatida 4ta shahar tashqi dunyodan to‘liq izolyatsiya qilingandi.

Ayrim ekspertlar fikricha, Hindiston Xitoy, Eron va Italiya kabi virus avj olishining navbatdagi o‘chog‘iga aylanishi ham mumkin.

AQShdagi vaziyat 
AQShda koronavirusdan zararlanganlar soni so‘nggi kunlarda keskin o‘smoqda - 22 mart kuni yana 13960 kishida virus aniqlandi va jami holatlar soni 38167taga yetdi (dunyoda uchinchi ko‘rsatkich), so‘nggi bir kunda 94 kishi vafot etib, jami qurbonlar soni 396 nafarga yetdi. Nyu-York gubernatori shtatda 10 mingdan ortiq kishi kasallangani, ulardan 6 211 nafari Nyu-York shahrida ekanini ma'lum qilgan.

Kaliforniya ortidan Nyu-York, Illinoys va Konnektikutda hukumat aholidan o‘z uyidan imkon qadar kamroq chiqishni so‘ramoqda. Ayni vaqtda bunday tavsiyalar AQShning jami aholisining beshdan bir qismiga tegishli.

Shanba kuni prezident Donald Tramp ham amerikaliklarni uyda qolishga chaqirdi. U o‘z chiqishi vaqtida shunday dedi: «Nima uchun niqoblarni dezinfeksiya qilmayapmiz? Bizda buning uchun zarur vositalar bor-ku?».

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Nyu-Yorkda shifokorlar va hamshiralar bir niqobni bir hafta kiyishiga to‘g‘ri kelmoqda ular niqoblarni qo‘l uchun vositalar bilan tozalashga majbur bo‘lishmoqda.

Bundan tashqari, AQSh va Kanada chegarasini kesib o‘tish taqiqlangan.

Vitse-prezident Mayk Pens shanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z yordamchilaridan birida koronavirus aniqlangani, lekin o‘zi ham, Tramp ham ushbu xodim bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilmaganini aytib o‘tdi.

Boshqa davlatlar

Ispaniya - Yevropada virusdan zararlanganlar soni bo‘yicha ikkinchi davlat - 28603 holat va 1756 o‘lim. So‘nggi bir kunda yana 375 kishi virus qurboni bo‘ldi.

Shanba kuni «Real»ning sobiq prezidenti Lorenso Sans koronavirus yuqtirishi oqibatida 77 yoshida olamdan o‘tdi.

Fransiyada so‘nggi bir kunda koronavirusdan 112 kishi vafot etdi, endilikda o‘limlar soni 674taga yetdi. Yana 1559 kishida virus aniqlandi va jami holatlar soni 16018tani tashkil qilmoqda.

Fransiya Sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran shunday dedi: «Bunday vaziyatda beparvo bo‘lish, afsuski, shunchaki mas'uliyatsizlik emas, bu - o‘z sog‘ligingiz uchun ham, boshqa sog‘lom kishilar sog‘ligi uchun ham xavfdir».

Shveytsariyada so‘nggi bir kunda 611 kishi virusdan zararlangani ma'lum bo‘ldi, jami bemorlar soni 7474, virus yuqishi oqibatida yana 18 kishi vafot etdi, jami qurbonlar soni - 98 nafar. May oyida Tsyurix va Lozannada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan hokkey bo‘yicha jahon chempionati bekor qilindi.

Avstraliyada pablar, klublar, kinoteatrlar, kazino va cherkovlar yopilgan. Kafe va restoranlar take away rejimiga («o‘zi bilan olib ketish») o‘tgan. Supermarketlar odatiy grafikda ishlashda davom etmoqda, «uyga yetkazib berish xizmati»ga talab kuchaygan.

Qat'iy choralar haqida Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison hukumatning shoshilinch yig‘ilishidan keyin e'lon qildi.

Hozircha mamlakatdagi barcha maktablar yopilishi rejalashtirilmayapti, ammo ayrim shtatlar mahalliy darajada shunday qarorlar qabul qilishga tayyor.

Avstraliyada Covid-19 bilan zararlanish holatlari so‘nggi kunlarda keskin o‘sib ketdi va 1353 nafarga yetdi. Qurbonlar soni 7 nafar.

Eron Qo‘shma Shtatlarning koronavirus bilan kurash uchun taklifini rad etdi. Oyatulloh Ali Xominaiy AQShning koronavirusga qarshi kurashda Eronga yordam berish taklifini «shubhali va taajjubli» deb hisoblashini aytdi. 

Eron oliy yetakchisi koronavirusning amerikaliklar tomonidan yaratilgani haqida taxminlar mavjudligini ta'kidlab o‘tdi.

Tailand, Janubiy Koreya, Indoneziya

Tailandda virusdan zararlanganlar soni 188taga oshdi va 599 nafarga yetdi, zararlanish holatlarining aksari Bangkokda. Shifokorlar shahar karantin uchun to‘liq yopilishi mumkinligini istisno etishmayapti.

Janubiy Koreyada vaziyat yaxshilanayotgan bo‘lsada hukumat hamon ommaviy yig‘ilishlarga ruxsat bermagan.

Indoneziyada 2008 yilgi Osiyo o‘yinlari ishtirokchilari uchun tashkil etilgan sportchilar qishlog‘i zudlik bilan 4 mingdan ortiq o‘ringa ega shifoxonaga aylantirilgan.

Indoneziya jahonda aholi soni bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda joylashgan. Hozirga kelib bu mamlakatda koronavirusdan zararlanishning 514 holati qayd etilgan, 48 kishi vafot etgan, ammo tibbiyot xodimlarining hisoblashicha, haqiqiy raqamlar boshqacharoq bo‘lishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top