O‘zbekiston | 20:00 / 23.03.2020
183621
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimligi virus yuqtirgan hamshira haqida tarqatgan xabarini rad etdi

Toshkent viloyati hokimligi koronavirus infeksiyasining kirib kelishini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi 23 mart kungi rasmiy ma'lumotini yangiladi.

Foto: Tengrinews.kz

«Ayni paytda viloyat bo‘yicha jami 195 nafar terapevt, 131 nafar reanimator, 64 nafar infeksionist, 133 nafar epidemiolog faoliyat olib boradi. 

Viloyatda infeksiya tarqalishini oldini olish maqsadida 8 martdan 9 mart kuniga o‘tar kechasi Janubiy Koreyadan kelgan 181 nafar fuqaro Qibray tumanidagi «Bo‘ston» sanatoriyasiga joylashtirilgan, 14 kunlik karantin muddati tugashi munosabati bilan 22 mart kuni fuqarolar karantindan chiqarilgan.

15 mart kuni «Chotqol» sanatoriyasiga chet davlatdan kelgan 212 nafar fuqaro 14 kunlik karantin nazoratiga olingan. Nazoratga olinganlarga infeksionist, epidemiolog, dezinfektorlar biriktirilgan.

18 mart kuni Rossiya Federatsiyasidan kelgan 264 nafar fuqaro Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Sokol» bolalar oromgohiga joylashtirilgan. 7 nafar shifokor, 2 nafar epidemiolog, 7 nafar hamshira, 5 nafar kichik tibbiy xodim, 4 nafar dezinfektor tibbiy nazorat uchun safarbar etilgan

Shu kuni «Energetika» sanatoriyasiga jami chet davlatdan kelgan 255 nafar fuqaro 14 kunlik karantin nazorati uchun joylashtirilgan. 

3 nafar shifokor, 1 nafar epidemiolog, 2 nafar hamshira, 6 nafar kichik tibbiy xodim, 4 nafar dezinfektor tibbiy nazorat uchun safarbar etilgan. Hozirgi kunda «Energetika» sanatoriyasida jami 251 nafar fuqaro tibbiy nazoratda saqlanmoqda. 

21 mart kuni Rossiya Federatsiyasidan kelgan 243 nafar fuqaro «Nazarbek» sihatgohiga joylashtirildi. 4 nafar shifokor, 1 nafar epidemiolog, 3 nafar hamshira, 8 nafar kichik tibbiy xodim, 2 nafar dezinfektor tibbiy nazorat uchun safarbar etildi. 

23 mart holatiga Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 101 nafar fuqaro karantinga olingan bo‘lib, ular muntazam ravishda tibbiy nazoratga olingan», deyiladi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq Toshkent viloyati hokimligi viloyatda koronavirus infeksiyasi aniqlangan fuqarolar soni 9 nafarni tashkil etgani to‘g‘risida xabar bergan edi. Xabarda bemorlar haqida ma'lumotlar keltirilgan, unga ko‘ra bemorlarni davolayotgan hamshiralardan biri koronavirus yuqtirib olgani ko‘rsatilgandi.

Skrinshot

Bu ma'lumot Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati tomonidan ham qayta nashr etildi.

Skrinshot

Keyinroq viloyat hokimligi matbuot xizmati dastlabki xabarini o‘chirib yubordi va o‘zi tarqatgan ma'lumot asosida berilgan xabarlarga raddiya berdi. Unda jurnalistlardan asossiz mish-mishlar tarqatmaslik so‘raladi.

«Bugun hokimlik axborot xizmati tomonidan tarqatilgan Toshkent viloyatida hamshira koronavirusni yuqtirib olgani haqidagi ma'lumot tasdiqlanmadi, bu mazmundagi xabarlar yolg‘on.

Hurmatli bloger va jurnalistlar, yuzaga kelgan holat uchun uzr so‘raymiz. Axborot manbasi - viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari texnik xatoga yo‘l qo‘ygan

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ayni mazmundagi xabarlarni tarqatmasligingizni iltimos qilamiz», deyiladi xabarda.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni 350 mingga yaqinlashdi, shundan 100 mingdan oshiq kishi tuzalib ketdi, 15 297 kishi vafot etdi.
  • O‘zbekistonda 23 mart holatiga ko‘ra, virus yuqtirganlar soni 46 nafarni tashkil etmoqda.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid