O‘zbekiston | 09:03 / 25.03.2020
7253
6 daqiqa o‘qiladi

MIZ ishtirokchilari tomonidan to‘langan QQSni respublika budjetidan qoplab berish tartibi ochiqlandi

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini respublika budjetidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Vazirlar Mahkamasining “Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini respublika budjetidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomning amal qilishi QQS to‘lovchisi hisoblangan maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchisi maqomini olgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Nizom maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomi bekor qilingan, maxsus iqtisodiy zonalar hududida ishtirokchi maqomisiz faoliyat yurituvchi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari bilan belgilangan soliq va bojxona to‘lovlaridan imtiyoz muddatlari tugagan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Soliq to‘lovchilarga belgilangan turdagi ishlab chiqarilgan mahsulotlar realizatsiya qilinganda to‘langan QQSni respublika budjetidan qoplab berish imkoniyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan beriladi.

Soliq to‘lovchilar tomonidan to‘langan QQS summasini respublika budjetidan qoplab berish sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

To‘langan QQSni qoplash, soliq to‘lovchining elektron soliq xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali soliq organlariga soliq summasini qaytarish bo‘yicha taqdim etiladigan ariza asosida amalga oshiriladi.

Ariza soliq to‘lovchi ro‘yxatga olingan joydagi davlat soliq organlari tomonidan, yirik soliq to‘lovchi hisoblangan soliq to‘lovchilar Hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Soliq to‘lovchilarga to‘langan QQS qoplab berilishi maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan quyidagilarni ishlab chiqarishda (xizmat ko‘rsatishda) tatbiq etiladi:

O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilib olib kirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror va bayonlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan soliq va bojxona to‘lovlaridan imtiyozlarga ega xom-ashyo, butlovchi qismlar va uskunalar (xizmatlar);

O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi kodi bo‘yicha yakuniy mahsulot tovar pozitsiyasining dastlabki to‘rtta belgilari mos kelgan mahsulotlar (xizmatlar).

Soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan va qoplanadigan QQS summasiga tayyor mahsulotlar (xizmatlar):

realizatsiya qilinganda qo‘shimcha qo‘shilgan qiymat miqdoridan kelib chiqib to‘langan QQS summasi;

ishlab chiqarish (xizmatlarni ko‘rsatish) maqsadida soliq to‘lovchi tomonidan xarid qilingan, shu jumladan chet davlatlaridan import qilingan barcha turdagi xom-ashyo, butlovchi qismlar, materiallar va xizmatlar uchun to‘langan QQS summasi kiradi.

Soliq to‘lovchilar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga (ko‘rsatilgan xizmatlarga) nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilib olib kirishda soliq va bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berilganligi to‘g‘risida asos hujjatlar arizada ko‘rsatib o‘tiladi.

Soliq to‘lovchilar tomonidan ishlab chiqarilgan yakuniy mahsulotlar (ko‘rsatilgan xizmatlarga) O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi kodi bo‘yicha tovar pozitsiyasining dastlabki to‘rtta belgilari mos kelganligi to‘g‘risida xulosa zarur hollarda tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi bo‘yicha tovarning kodini aniqlash borasidagi vakolatli organ tomonidan beriladi.

Arizada ko‘rsatilgan soliq summasining asoslanganligini tekshirish uchun soliq organi arizada qoplanishi uchun ko‘rsatilgan soliq summasini asoslantirilganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazadi.

Kameral soliq tekshiruvi davlat soliq organining tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘isiz o‘tkaziladi.

Kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi tomonidan ariza taqdim etilgan kundan keyingi keluvchi kundan boshlanadi.

Kameral soliq tekshiruvi o‘tkazish muddati 5 ish kunidan oshmasligi kerak.

Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish jarayonida soliq organi zarur hujjatlar mavjudligini o‘rganish yuzasidan sayyor soliq tekshiruvini tayinlash hamda uchinchi shaxslardan tegishli hujjatlar va ma'lumotlarni talab qilib olish huquqiga ega.

Kameral soliq tekshiruvi yakuni bo‘yicha soliq organi soliq summasini (to‘liq yoki qisman) qoplash yoki soliq summasini qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Soliq summasini qisman qoplash yoki qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror, qoida tariqasida, soliq summasini hisobga olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda, huquqni suiiste'mol qilish belgilari, qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun bitimlar tuzilganligi, soliq bazasini (yashirish) kamaytirish faktlari hamda boshqa shunga o‘xshash holatlar aniqlanganda qabul qilinadi.

Davlat soliq organi tomonidan qabul qilingan qaror soliq to‘lovchiga uning shaxsiy kabineti orqali, ushbu qaror qabul qilingan kundan e'tiboran 1 ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.

Davlat soliq organi tomonidan soliq summasini qisman qoplash yoki qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror soliq to‘lovchiga yuborilganda, rad etish uchun asos hisoblangan sabablarni aniq va batafsil yoritib beradi.

Mavzuga oid