25 mart kuni respublika bo‘yicha 893 kishi karantin qoidalariga amal qilmagani aniqlandi – IIV
IIV Axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 16–25 mart kunlari karantin qoidalariga amal qilmagan jami 980 ta holat aniqlangan. Shundan 893 tasi 25 mart, 87 tasi qolgan kunlarga to‘g‘ri keladi. Karantin tartibini buzgan fuqarolar ma'muriy javobgarlikka tortilgan.
Jumladan, Toshkent shahrida – 101 ta, Toshkent viloyatida – 103 ta, Jizzax viloyatida – 14 ta, Buxoro viloyatida – 52 ta, Samarqand viloyatida – 328 ta, Qashqadaryo viloyatida – 11 ta , Surxondaryo viloyatida – 22 ta, Xorazm viloyatida – 11 ta, Sirdaryo viloyatida – 19 ta, Farg‘ona viloyatida – 74 ta, Navoiy viloyatida – 10 ta, Namangan viloyatida – 61 ta holatda fuqarolar karantin qoidalarini buzishgan.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi 28 yashar J.R. tibbiy kuzatuv ostiga olinganligiga qaramasdan, 2020 yil 25 mart kuni soat 12:00larda yashash manzilidan chiqib ketganligi uchun Toshkent shahri Uchtepa tumanida IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ushlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan jarimaga tortilgan.
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi 39 yashar B.R. 2020 yil 25 mart kuni soat 13:30larda Amir Temur mahallasi hududida maxsus himoya niqobisiz, jamoat joyda yurganligi aniqlanib, unga jarima qo‘llangan.
2020 yil 16 mart kuni Rossiyadan kelgan, shu sababli Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan 54 yashar Q.R. karantin qoidalariga rioya qilmasdan, 2020 yil 25 mart kuni soat 16:30larda yashash joyidan chiqib ketgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan.
Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida yashovchi 32 yashar B.O. rasman ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘ziga tegishli bo‘lgan Uchquduq tumani buyum bozorida joylashgan nooziq-ovqat do‘konida faoliyat olib borayotganligi aniqlangan va jarimaga tortilgan.
“Bugungi vaziyatda ichki ishlar organlarining boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda koronavirusga qarshi kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga qat'iy rioya qilish hamda yurtdoshlarimizning salomatligini asrash asosiy vazifasi bo‘lib qolmoqda. Har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas'uliyat bilan yondashib, sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne'mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart. Bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz”, deyiladi IIV axborot xizmati xabarida.
Mavzuga oid
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
11:40 / 23.08.2024
Jizzaxda soqol qo‘ygan 22 yoshli fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi
13:30 / 20.08.2024
Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinadi
12:01 / 23.07.2024