Jamiyat | 16:20 / 27.03.2020
3697
2 daqiqa o‘qiladi

Xorij fuqarosi karantin davrida ro‘yxatdan o‘tmasa, qonun buzilish hisoblanmaydi - IIV

Agar uyingizda chet el fuqarosi bo‘lsa, telefon orqali profilaktika inspektorini xabardor qilib qo‘yishingiz mumkin. Karantin davrida bu qonun buzilish holati deb hisoblanmaydi.

Bugun, 27 mart kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tomonidan xorijiy fuqarolarning karantin davrida ichki ishlar boshqarmalari orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart emasligi haqida ma'lumot berdi.

Shohrux G‘iyosovning ta'kidlashicha, karantin tadbirlari tufayli 24 martdan ichki ishlar organlarining aholiga xizmat ko‘rsatish borasidagi faoliyati, jumladan, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari ham to‘xtatilgan.

«Agar sizning uyingizda chet el fuqarosi bo‘lsa, telefon orqali profilaktika inspektorini xabardor qilib qo‘yishingiz mumkin. Karantin davrida bu qonun buzilish holati deb hisoblanmaydi», deya ma'lumot berdi Shohrux G‘iyosov.

Bundan tashqari, uning ma'lumot berishicha, Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turuvchi fuqarolar garchi litsenziyasi bo‘lsa-da, ayni paytda Toshkent shahrida taksi xizmatini ko‘rsata olmaydi. Ular faqat o‘z yashash joylarida haydovchilik faoliyatini amalga oshirishlari mumkin.

Mavzuga oid