O‘zbekiston | 14:31 / 28.03.2020
9936
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy chiqindilar misli ko‘rilmagan darajada ko‘p hosil bo‘lyapti - Nurmat Otabekov

28 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov tibbiy himoya vositalari ishlatilgandan so‘ng dezinfeksion ishlovdan o‘tishi shartligini qayd etib o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

“Ayni kunlarda tibbiy chiqindilar misli ko‘rilmagan darajada ko‘p hosil bo‘lyapti. Hech qachon bu qadar ko‘p doka niqoblar, rezina qo‘lqoplar, himoya vositalari ishlatilgan emas. Ularni ishlatib bo‘lgandan keyin mashiiy chiqindilarga aralashtirish kerak emas. Avval ularga dezinfeksion ishlov berish kerak. Ular ma'lum muddat dezinfeksiya vositasi ta'sirida bo‘lishi kerak. Keyingina maishiy chiqindilarga aralashtirish mumkin”, deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

“Aksariyat chiqindi tashish korxonalari kechki paytda chiqindi olib ketish bilan shug‘ullanadi. Ularga tibbiy chiqindilarga dezinfeksion ishlov berilganidan so‘ng olib ketilayotganini nafaqat tibbiyot muassasa ma'muriyati, balki inspektor va sarishtalik bilan shug‘ullanayotgan soha vakillari nazorat qilishi maqsadga muvofiq”, deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Nurmat Otabekov tibbiy qo‘lqoplarni faqatgina bir marta ishlatish mumkinligini eslatib o‘tdi.

“Tibbiyotda ishlatiladigan qo‘lqoplar bir marta ishlatish uchun mo‘ljallangan. Ularni yuvib, qaytadan ishlatish mutlaqo mumkin emas. Oshxonada va farroshlik ishlarida ishlatiladigan xo‘jalik qo‘lqoplari nisbatan qalin va dag‘al. Ularni qaynatish, yuvib, qayta ishlatish mumkin. Tibbiy qo‘lqoplar uchun esa bu usuldan foydalanish mumkin emas”, deya ta'kidladi u.

Brifing davomida bosh sanitariya inspektori koronavirus infeksiyasining mushuklar orqali tarqalishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi.

“Mushuklar koronavirus tarqatuvchisi bo‘lishi mumkinligi isbotlanmagan. Shu bois ularni qirish bo‘yicha hech qanday reja ham mavjud emas”, dedi u.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid