Jahon | 09:16 / 29.03.2020
51656
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda koronavirusdan har 17 daqiqada bir kishi vafot etmoqda. Tramp shaharda karantin kiritishga shoshmayapti 

Oxirgi ikki kun ichida AQShning Nyu-York shahrida har 17 daqiqada koronavirusdan bir kishi vafot etmoqda. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp bunday ayanchli holatga qaramay shahar joylashgan Nyu-York shtatida karantin kiritilmasligini e'lon qilgan. 

Foto: REUTERS

Bu haqda The New York Post nashri xabar bermoqda

Umumiy hisobda Nyu-Yorkda koronavirus qurbonlari soni 450 kishini tashkil qilmoqda.  

Ma'lum qilinishicha, shaharda tibbiy xodimlarning chaqirtirilishi soni 40 foizga oshgan. Shoshilinch yordam bo‘limlariga har kuni 6,5 mingtagacha qo‘ng‘iroq kelib tushmoqda. Bu orada Nyu-York o‘t o‘chirish departamenti vakillari tez yordamga favqulodda holatlarda, misol uchun yurak va o‘pka bilan muammolar bo‘lgandagina qo‘ng‘iroq qilishga chaqirgan. 

Nyu-York shifoxonalaridan birining shifokori Stiv Kassapidis shaharda yuz berayotgan vaziyatni og‘ir deb atagan. Uning ta'kidlashicha, shifokorlar kasallanganlarni qabul qilishga ulgurishmayapti. 

Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-York shtati va unga qo‘shni Nyu-Jyersi va Konnektikut shtatlarida karantin kiritilmasligini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, bunga hojat yo‘q.

Trampning ta'kidlashicha, federal hukumat karantin o‘rniga bu hududlarda rasmiy taqiq kiritishsiz aholi harakatlanishini cheklashga chaqiradi. AQSh prezidenti bunday qarorni Oq uyning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassislari jamoasi va yuqorida nomi tilga olingan shtatlar gubernatorlari bilan maslahatlashuvlardan keyin qabul qilgan. Tramp kasalliklar nazorati va profilaktikasi markaziga harakatlanishni qat'iy cheklashga chaqiriqlarni e'lon qilish vazifasini topshirgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh koronavirusdan kasallanish holatlari bo‘yicha dunyoda 1-o‘ringa chiqdi. Mamlakatda kasallanganlar soni 124 mingga yaqinroqni, vafot etganlar soni 2227 nafarni tashkil qilmoqda.    

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid