O‘zbekiston | 22:35 / 30.03.2020
6141
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand karantin sharoitida: 609 tonna kartoshka olib kelindi, niqob tikadigan yangi sexlar ishga tushdi

Samarqanddagi dehqon bozorlarida narxlarning barqarorligini ta'minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Departament Samarqand viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatga 609 tonna kartoshka olib kelinishi tashkillashtirildi.

Samarqand viloyat prokuraturasi axborot xizmatining Kun.uzָ’ga xabar berishicha, Rossiyadan keltirilgan bu kartoshkalar bozorlarga 3000-3500 so‘mdan sotish uchun tarqatilgan.

Shuningdek, viloyat xokimligi yordami bilan viloyat don korxonalari tomonidan barcha dehqon bozorlarida mahalliy un mahsulotlarini birja narxlarida (135-138,5 ming so‘m) sotish tashkil qilinib, har kuni har bir bozorga 2-3 tonnadan un mahsulotlari sotilmoqda.

Viloyatda fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan narxlarni sun'iy oshirilishining oldini olish borasida Davlat soliq boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qimmat narxlarda sotayotgan 54ta holat aniqlanib, tegishli chora ko‘rilgan.

Departamentning tashabbusi bilan Nurobod tumanida Navoiy kon metallurgiya kombinati Janubiy kon boshqarmasiga qarashli tikuv sexida, Oqdaryo tumanida esa «Asr Imkon Tekstil» MChJda bittadan niqob sexi ishga tushirilgan. Har ikkisining kunlik quvvati 1000 donadan.

Viloyatning barcha dehqon bozorlarida ijtimoiy ahamiyatga ega 27 turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlarining savdoda bo‘lishi to‘liq nazoratga olingan, bu mahsulotlar aholi extiyojiga yarasha barqaror narxlarda yetkazib berilmoqda.

Dehqon bozorlari hududlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Departamentning viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan narx-navo barqarorligi nazoratga olingan.

Viloyat prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, savdo nuqtalariga asosiy mahsulotlar muntazam yetkazilayotganiga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan ehtiyojidan ortiq, qop-qop kartoshka, piyoz, sabzi mahsulotlarini xarid qilish holatlari kuzatilmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid